Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ta’lim tashkilotlarini litsenziyalash bo‘limi yetakchi mutaxassisi pora bilan qo‘lga tushdi.
U Qarshi shahridagi nodavlat oliy ta’lim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish uchun litsenziya berish masalasini “qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish"ni va’da qilib, evaziga mazkur universitet mansabdoridan $100 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, vazirlik mutaxassisi so‘ralgan mablag‘ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, jamoatchilik xususiy oliy ta’lim muassasalarini tashkil etishdagi qiyinchiliklar bu kabi holatlarga sabab bo‘lishini qayd etdi.
Spot mutaxassislar bilan nodavlat oliy ta’lim muassasalarini ochishga qo‘yilgan talablar, litsenziya olishdagi muammo va kamchiliklar hamda sohadagi korrupsion xavflar haqida suhbatlashdi.

Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi raisi
O‘zbekistonda nodavlat ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini boshlashi uchun maxsus litsenziyaga ega bo‘lishi shart. Bu Vazirlar Mahkamasining 2022-yil fevral oyida qabul qilingan 80-son qarori bilan tartibga solingan. Mazkur hujjatga keyinchalik ayrim o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa-da, sohada mavjud tizimli muammolar to‘liq bartaraf etilgani yo‘q. Va biz bunga hali hanuz duch kelyapmiz.
Nodavlat ta’lim muassasalari yoki ularning hududlarda filiallarini ochish ham aynan ushbu qaror talablari asosida amalga oshirilgan. Biroq unga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan hozirgacha faqat ayrim, cheklangan sondagi oliy ta’lim muassasalari litsenziya olishga muvaffaq bo‘lgan.
Bu talablarni bugungi kunda qanchalik darajada hayotga tatbiq qilish mumkin, degan savol tug‘iladi. Chunki, bu “kosmik talablar” hozirgi O‘zbekiston sharoitida tadbirkorlarga qo‘yiladigan talablarga javob bermaydi.
Ilgari hali litsenziya olinmagan universitetga boshidanoq professor-o‘qituvchilarni ishga olish, ular bilan mehnat shartnomalarini tuzish hamda bu ma’lumotlarni elektron tizimlarda aks ettirish kerak edi. Bu bir fantastika edi. Qanday qilib hali litsenziya olinmagan oliygohga o‘qituvchilarni ishga olish va ularga oylik berish mumkin? O‘z-o‘zidan “litsenziya olish imkonsiz”, degan tushuncha kelib chiqadi.
Hozir ham nodavlat oliy ta’lim muassasalariga litsenziya berishda talablar juda yuqori. Masalan, o‘tgan yilning iyun oyida qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-403-son) bilan nodavlat OTMlarni litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi. Unga ko‘ra, talabgor OTM konsepsiyasini taqdim etishi, kamida $2 mln ustav kapitali shakllantirishi va $350 ming depozit joylashtirishi lozim. Shuningdek, universitet uchun kamida 5 ming kv.m maydonga ega bino bo‘lishi kerak. Nodavlat OTMlar dastlabki 5 yil davomida sof foydaning kamida 80%ini, keyinchalik esa 50%ini ta’lim muassasasini rivojlantirishga yo‘naltiradi.
Litsenziya olaman, degan tadbirkor avvalo universitet uchun mos bino topib, uni ta’mirlashi va to‘liq jihozlashi kerak. Gap o‘quv markazi, bog‘cha yoki maktab haqida emas, balki kamida 6−7 ming kv.metr maydonga ega oliygoh binosi haqida ketmoqda. Uni o‘quv va kompyuter xonalari, kutubxona, sport maydonchalari hamda boshqa infratuzilmalar bilan ta’minlash uchun katta mablag‘ kerak. Natijada talabgor litsenziya olgungacha kamida $1 mlnga yaqin mablag‘ sarflaydi.
Bu talablar bajarilgandan keyin ariza topshiriladi, biroq jarayon ayrim hollarda 1−2 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Bu vaqt ichida tadbirkor bino ijarasi kabi xarajatlarni to‘lashda davom etadi, masalan, Toshkentda 5 ming kv.metr bino ijarasi oyiga o‘rtacha $50 mingni tashkil etadi. Bu bir yilda $600 ming degani. Bunday tadbirkorlar juda ko‘p, haligacha ular litsenziya javobini kutyapti.
Bu hali hammasi emas, tekshiruvlarda juda ko‘p va ba’zan mantiqan asoslanmagan talablar ham qo‘yiladi. Masalan, o‘quv dasturlari yoki syllabusdagi adabiyotlar o‘rtasidagi kichik tafovutlar ham arizani rad etishga sabab bo‘lishi mumkin.
Litsenziyalash jarayoni bu kabi talablar bilan cheklanmasdan, universitetning ilmiy salohiyati, tadqiqot faoliyati hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash imkoniyati kabi mezonlarni ham qamrab olishi kerak. Qolaversa, ta’lim yo‘nalishlari ham bir-birini takrorlamasligi zarur, chunki shu paytgacha ochilgan universitetlarning hammasi aynan shu tartibda tashkil etilgan.
Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan oliygohlarning hammasi ham amaldagi litsenziya talablariga to‘liq javob bermaydi. Shunga qaramay, ayrim oliygohlar faoliyatini davom ettirmoqda. Bu esa tadbirkorlar orasida “talablar hammaga bir xil qo‘llanmayapti” degan norozilik kayfiyatini keltirib chiqarmoqda.
Xalqaro tajribani olib qaraylik, qo‘shni Qozog‘istonda nodavlat ta’lim muassasalarini litsenziyalash tizimi bundan 20 yil avval yo‘lga qo‘yilgan. Biz bu borada Qozog‘istondan ancha ortdamiz, natijada ko‘p imkoniyatlarni boy berdik. Toshkentdan uncha olis bo‘lmagan birgina Chimkent viloyatini olib qaraylik, shu kungacha 40 ta xususiy oliygoh ochilgan bo‘lsa, 10−15 yil ichida ularning to‘rttasigina faoliyatini saqlab qolgan. Ularda raqobatni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlar uchun nisbatan erkin sharoit yaratilgan.
Ta’lim sohasida kim raqobatbardosh bo‘lsa, sifatli ta’lim bera olsa, o‘sha muassasa qoladi, boshqalari esa tabiiy ravishda bozorni tark etadi. Buni oddiy misol bilan izohlash mumkin: hozirda O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar juda ko‘p, biroq ulardan faqat mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsata olganlarigina faoliyatini davom ettira olishi mumkin.
Bundan ikki yil avval bir million abituriyentdan atigi 180−200 ming nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan edi. Bu esa yuz minglab yoshlar oliy ta’lim tizimidan tashqarida qolayotganini ko‘rsatadi. Ular taqdiri nima bo‘ladi? Ularning statistikasini kim yuritadi? Nechtasi hayotda o‘z yo‘lini topa olmaydi, ayrimlari xorijga ishlashga ketadi, ayrimlari ishsiz qoladi, yana ayrimlari jinoyat yo‘llariga kirib qolishi ham mumkin. Biz ular bandligini oshirish haqida o‘ylashimiz kerak.
To‘g‘ri, ba’zilar yangi universitetlar faqat mablag‘ yig‘adi yoki oliy ma’lumotli ishsizlar sonini oshiradi, deyishlari mumkin. Biroq, bu noto‘g‘ri fikr, yangi oliygohlar yoshlarni kasbga yo‘naltirishda muhim ahamiyatga ega. Prezidentimiz ham ularni malakali mutaxassis qilishimiz kerakligini doim aytadi. Aholini ishli qilaman, degan tadbirkorlarga yo‘l ochaylik, deydi, lekin biz ularni moliyaviy yo‘qotishlarga uchrashiga olib kelyapmiz, ularni bankrot qilib qo‘yyapmiz.
Nodavlat oliy ta’lim muassasalarini litsenziyalash jarayonida korrupsion xavflar ilgari ham kuzatilgan va hozir ham uchrashi mumkin. Avval bu jarayon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilgan, biroq surunkali korrupsion holatlar sababli uning faoliyati tugatilib, o‘rniga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida alohida litsenziyalash departamenti tashkil etildi. Yaqinda yuz bergan vazirlik xodimining litsenziya uchun $100 ming olgani bilan bog‘liq holat tizimga nisbatan salbiy xulosalarni oshirdi.
Jarayonning murakkabligi xohlaysizmi yo‘qmi korrupsion xavflarni oshiradi. Talablar qiyinlashgani sari tadbirkorlar ham jarayonni tezlashtirishning “oson yo‘li"ni izlay boshlaydi. Aslida esa jarayon juda sodda bo‘lishi, biznesga sharoit yaratilishi zarur. Aks holda korrupsion holatlar monopoliya shakllanishiga hamda akademik erkinlikning cheklanishiga olib keladi. Bu kabi to‘siqlar bilan esa soha rivojlanmaydi, aksincha tor doiralar foydasi uchun xizmat qiladi, xolos.
Litsenziyalash jarayonida korrupsion holatlarni to‘liq bartaraf etish qiyin bo‘lsa-da, ularni minimallashtirish mumkin. Hozirda litsenziyalar davlat tomonidan faqat nodavlat ta’lim muassasalariga beriladi. Bu esa adolatsizlikni kuchaytiradi. Uni davlat idoralaridan mustaqil tashkilot yoki markaz orqali amalga oshirish kerak.
Jarayonga nodavlat sektor vakillari va mustaqil ekspertlarni jalb qilish, davlat idoralari mutaxassislarining ishtirokini esa minimallashtirish zarur. Shu bilan birga, ekspertlar tarkibini har safar yangilab borish kerak bo‘ladi, bu tekshiruvlarni shaffof tashkil etishga yordam beradi. Shu tariqa litsenziyalash tizimini har tomonlama qayta ko‘rib chiqish kerak.

Profi ta’lim muassasalari va universiteti tarmog‘i asoschisi.
Hozirda O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasasi yoki uning filialini ochish jarayoni ikki bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda muassasa joylashadigan binoga qo‘yilgan talablar bajarilishi lozim, bu hukumatning 403-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Bino maydoni kamida 5000 kv.metr bo‘lishi kerak.
Bu talablarni bajarganingizdan keyin, litsenziya oldingiz degani, birdaniga talaba qabul qilishingiz mumkin, degani emas. Keyingi bosqichda ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazishingiz kerak. Jarayon Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Bizda oliy ta’lim muassasasini ochish uchun qo‘yiladigan aniq talablar yo‘q, mavjudlari ham xorijiy tajribaga asoslangan. Natijada juda katta moliyaviy resurslarni talab qiladigan tizim shakllanib qolgan. Kichik sarmoya bilan universitet biznesiga kirish imkoniyati sezilarli cheklanmoqda. Bu esa yangi oliygohlarning ochilishi va sohada raqobat kuchayishini yo‘qqa chiqaradi.
Masalan, nodavlat oliy ta’lim muassasasini tashkil etish uchun kamida $2 mln miqdorida ustav kapitaliga ega bo‘lish kerak. Bundan tashqari, $350 ming miqdorida depozit joylashtirilishi, bino 5000 kv.metr maydonga ega bo‘lishi va boshqa talablar ham mavjud. Mazkur talablarni bajargandan keyingina litsenziya olib, akkreditatsiyadan o‘tasiz. Bularning barchasi universitet ochish jarayonini ancha uzoq muddatga cho‘zishi mumkin. Masalan, bino qurish, uni ta’mirlash va boshqa tayyorgarlik ishlari muayyan vaqt talab qiladi.
Litsenziyalash jarayonida korrupsion xavflar deyarli barcha bosqichlarda uchrashi mumkin. Masalan, ta’lim muassasasi binosining talablarga mos kelishi, uning qurilishi hamda turli tashkilotlar, jumladan sanitariya-epidemiologiya, yong‘in xavfsizligi xizmatlari hamda Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasidan ruxsatnomalar olish kerak.
Bu ham ayrim hollarda korrupsion xavflarni keltirib chiqaradi: sanitariya yoki yong‘in xavfsizligi talablari bo‘yicha tekshiruvlarda oddiy kamchiliklar asos qilib olinib, hujjatlar qaytarilishi mumkin. Natijada, butun jarayon ortga suriladi. Bu kabi holatlar bizning amaliyotimizda ham bo‘lgan. O‘tgan yili litsenziya uchun tekshiruvga kelganlar kutubxonamizdagi professor tomonidan yozilgan o‘quv qo‘llanmasini darslik emas, deb yozib, kamchilik sifatida qayd etishgan. Bu esa aslida arzimagan kamchilikdir.
Bunday holatlarda bir narsani tushunish zarur: bu jarayon ta’lim tizimi uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Chunki u oliy ta’lim sohasiga, xususan universitetlar bozoriga yangi o‘yinchilarning kirib kelishini cheklaydi. Yangi ishtirokchilarning kirishi qanchalik kam bo‘lsa, raqobat shunchalik o‘ladi. Raqobat bo‘lmagan joyda esa rivojlanish bo‘lmaydi.
Litsenziyalash jarayonida korrupsion xavflarni kamaytirish uchun eng avvalo, litsenziya berish vakolatini oliy ta’lim tizimidan alohida qilish kerak. Bu kabi korrupsion holatlar, turli o‘yinlar aynan litsenziya berish vakolati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga berilgandan keyin boshlandi. Chunki vazirlik davlat universitetlarining egasi hisoblanadi va ayni vaqtda u xususiy universitetlarga litsenziya beradi. Bu esa o‘z-o‘zidan raqobatni cheklovchi harakatlarni yuzaga chiqaradi.
Ikkinchi muhim masala — litsenziyalash mexanizmlarining aniq va adolatli bo‘lishidir. Amaldagi talablar ko‘plab hollarda juda qat’iy qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, ularning barchasi ham barcha ta’lim muassasalariga teng darajada tatbiq etilmaydi. Masalan, amaldagi talablarga qaraydigan bo‘lsak, birorta ham davlat oliy ta’lim muassasasi ularni to‘liq bajara olmaydi. Bu talablarning barchasi xususiy oliygohlarni xohlagan vaqtda tekshirib, tanobini tortib qo‘yish uchun qo‘llaniladigan vositadir. Bu esa raqobatni izdan chiqaradi.
Aslida buni bozorga qo‘yib berish kerak. Masalan, nodavlat maktablarga litsenziya berish jarayoni bundan ham shaffofroq va osonroq, korrupsion holatlar ham deyarli uchramaydi. Yoki o‘quv markazlarini olib qaraylik, faqat xabarnoma yuborish orqali faoliyat boshlash mumkin. Biz hech kimdan eshitmaganmiz-ku bu sohada ham korrupsiya uchrashini, chunki bu bozorga qo‘yib berilgan.
Oliy ta’lim sohasida litsenziya berish tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurati mavjud. Hozirgi jarayon mutlaqo shaffof emas va juda uzoq vaqt davom etadi. Masalan, so‘nggi bir yil ichida litsenziya berish jarayoni bilan bog‘liq bir qator bahsli holatlar kuzatildi: ayrim muassasalarga litsenziya berilgan, ayrimlariga esa rad etilgan. Bizning o‘zimiz ham “texnik xatolik sabab” litsenziya olgan beshta oliygoh qatorida edik.
Natijada, bu kabi holatlar sudgacha boryapti. Vaqtimizni, umrimizni, umuman resurslarimizni shu kabi narsalarga sarflayapmiz. Vaholanki, maqsadimiz ta’lim tizimini yaxshilashga qaratilishi kerak. Hozir esa bitta qog‘ozni berish uchun nimalarnidir o‘ylab topishyapti. Bu eng yomonlaridan biri va shaffof bo‘lmagan tizimdir.