Rossiya Markaziy banki naqd chet el valyutasini yechib olish bo‘yicha cheklovlarni 2026-yil 9-sentabrgacha uzaytirdi. Bu haqda regulyator saytida xabar berildi.

2022-yil 9-martgacha ochilgan valyuta hisobvaraqlari yoki omonatlari egasi bo‘lgan rossiyaliklar ko‘rsatilgan sanada Moskva vaqti bilan soat 00:00 holatiga ko‘ra qolgan pul mablag‘larini, biroq $10 mingdan oshmaydigan miqdorda yechib olishlari mumkin.

Qolgan mablag‘lar rubl shaklida beriladi. Hisob ochmasdan amalga oshirilgan valyuta o‘tkazmalari hamda elektron hamyonlar orqali kelgan mablag‘lar ham rubl ko‘rinishida to‘lanadi.

Markaziy bank banklarga valyuta hisoblari yoki omonatlaridan pul berishda komissiya undirishni taqiqlovchi cheklovni ham uzaytirdi.

Norezident yuridik shaxslar yana yarim yil davomida AQSH dollari, yevro, funt sterling va yapon iyenasini naqd shaklda ololmaydi. Boshqa valyutalar bo‘yicha cheklov yo‘q.

Rezident yuridik shaxslar esa ushbu valyutalarni naqd ko‘rinishda faqat xizmat safarlari uchun, qonunda belgilangan me’yorlar doirasida olishlari mumkin.

Rossiya banki birinchi marta 2022-yil 9-martda, Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyasi” boshlanganidan ko‘p o‘tmay, valyutani yechib olish uchun limit joriy qildi.

Dastlab, chora 2022-yil 9-sentabrgacha amal qilgan, biroq shundan so‘ng cheklovlar bir necha bor yana olti oyga, oxirgi marta 2024-yilning sentabrida, 2025-yil 9-martgacha uzaytirilgan. Avvalgi qaror 2026-yil 9-martgacha amalda edi.


Avvalroq Spot Rossiya Markaziy banki yangilangan 1000 rubllik kupyurani taqdim etgani haqida yozgandi.

Banknot bosqichma-bosqich muomalaga chiqariladi va 1997-yil namunasidagi kupyuralar bilan bir xil muomalada bo‘ladi.