Avvalroq prezident kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari haqida ma‘lumot berildi. Farg‘onaazot va Navoiyazot korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, Toshkent viloyatida maishiy kimyo vositalari hamda Birinchi rezinotexnika zavodida yangi turdagi shinalar ishlab chiqarish loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, O‘zkimyosanoat aksiyadorlik jamiyatida loyihalarning boshqarish samaradorligini oshirish rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, jamiyat va uning tizimidagi korxonalarda ERP tizimi joriy qilinib, 21 ta vazirlik va idoralar hamda xarid operatorlari bilan integratsiya qilindi, 16 ta axborot tizimi yagona raqamli platformaga birlashtirildi.
Moliyaviy holatni tahlil qilish va prognozlash, mineral o‘g‘itga ehtiyojni bashorat qilish jarayonlariga bosqichma-bosqich sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, mineral o‘g‘itlarning korxonadan fermergacha harakatidagi barcha jarayonlarni raqamli nazorat bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Hisob palatasi bilan birgalikda energiya resurslarini tejash, xomashyo xarajatlarini qisqartirish va raqamlashtirish chora-tadbirlari orqali kimyo sanoatida mahsulot tannarxini 10−15% gacha pasaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yakunda davlat rahbari kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish, muammoli masalalarni tezkor hal qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, Xitoy qishloq xo‘jaligida birinchi agro sun’iy intellekt tarmog‘ini ishga tushirgani haqida yozgandi.