Shavkat Mirziyoyev 11-mart kuni kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan tadbirda tarmoqni maqsad — harakat — natija tamoyiliga asoslangan yangi strategik rejalashtirish va rivojlantirish tizimi asosida isloh qilish zarurligi ta‘kidlandi.

Kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va eksport salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni belgilash topshirildi.

Jumladan, joriy yilda tarmoq mahsulotlari eksportini $720 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Qishloq xo‘jaligida rejalashtirilgan hosil hajmlarini taʼminlash uchun azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,2 mln tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 135 ming tonnaga, kaliyli o‘g‘itlarni esa 222 ming tonnaga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.

Tarmoq va hududlar tomonidan joriy yilda $9,5 mlrdlik 133 ta loyihani amalga oshirish doirasida $2,5 mlrd investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgani qayd etildi. Jumladan, kimyo sanoati korxonalari va hududlarda 24 ta strategik loyiha doirasida $1,3 mlrd investitsiyalarni o‘zlashtirib, 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Shu bilan birga, Qo‘ng‘irot soda zavodida ishlab chiqarishni kengaytirish, Samarqandkimyo korxonasida mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, Dehqonobod kaliy zavodi quvvatlarini oshirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish jarayoni tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Muddatlarning asossiz cho‘zilayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga investorlar bilan birgalikda mazkur loyihalarni jadallashtirib, qisqa muddatlarda yakunlashni ta‘minlash topshirildi.

Ammofos-Maksam korxonasi faoliyati davomida to‘plangan fosfogips sanoat chiqindilarini qayta ishlash masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Ushbu chiqindidan qo‘shimcha mahsulotlar, jumladan, sulfat kislotasi ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, kimyo sanoatini strategik rivojlantirish uchun zamonaviy ilmiy va texnologik infratuzilmani shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgani maʼlum qilindi. Mazkur markaz gaz va ko‘mir kimyosi, chuqur kimyoviy tahlil, sorbentlar, katalizatorlar, nano va kompozit materiallar kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashadi va bu borada Markaziy Osiyodagi yagona ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ladi.

O‘tgan yilning dekabrida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 2030-yilgacha mineral o‘g‘itlar eksporti $1 mrldga yetkazilishi taʼkidlangandi.

Avvalroq O‘zbekistonda yil boshidan 11 ta yangi neft-gaz qudug‘i ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.