Qurilishdagi korrupsion holatlar haqida gapirgan tadbirkor ustidan qilingan Qurilish vazirligining shikoyati tanqidlar sabab to‘xtatildi. Bu haqda 5-mart kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Ochig‘ini aytaman, qurilish vazirligi oxirgi besh yilda korrupsiyani bartaraf qilish maqsadida raqamlashtirish bo‘yicha juda ham katta ishlarni qildi. Shaffof qurilish tizimida barcha yo‘nalishlarimizni ochiqlab qo‘yganmiz, iloji boricha inson omilini kamaytiryapmiz. Shu masalada ishlayapmiz-u, lekin besh marta jinoyatga tortilgan, ikki marta firibgarlik, bir marta o‘g‘irlik qilgan va bir marta oylikdan ushlab qolgan odam turib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashini ayblayapti. Kengash jamoasini ayblagandan keyin uni asoslash kerak”, — dedi vazir.
Sherzod Hidoyatov tadbirkor Usmonjon Abdusamadovga nisbatan Ichki ishlar vazirligiga kiritilgan arizada unga chora qo‘llash emas, balki “tizim shaffofligi, unda korrupsiya bo‘lmayotganligini ko‘rsatish uchun” huquqiy baho berish so‘ralganini qayd etdi. Biroq, bu mavzu jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘lgani uchun ish to‘xtatilgan. “Buning yakuni yo‘q, sababi OAVda bu mavzu ko‘p aylanib ketib, boshqacha talqin qilingani uchun to‘xtab qolgan”, — deya xulosa qildi Hidoyatov
Nima bo‘lgandi?
2025-yilning 29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritdi.
“Mana, yer sotib oldik. Keyin [qurilish uchun] ruxsatnoma olish kerak. Buning uchun ariza topshiramiz — rad etiladi, yana topshiramiz — yana rad qilinadi. Ularning manziliga borib, „assalomu alaykum“ deb qo‘lingizni cho‘zmaguncha shu holat davom etaveradi”, — dedi u qo‘li bilan pul uzatish ishorasini ko‘rsatib.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlar qurilish kompaniyalarining xarajatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, $500 minglik uyni qurishda $20 mingdan $100 minggacha bo‘lgan miqdorda bir nechta pora berishga to‘g‘ri keladi.
U yechim sifatida asossiz rad etishlar uchun javobgarlik kiritishni taklif qildi. “Nima uchun ariza besh marta rad etildi-yu, oltinchisida ma’qullandi — axir kompaniya va hujjatlar o‘sha-o‘sha-ku?”, — deb ta’kidladi tadbirkor.
Bundan tashqari, quruvchi kadastr organlari tomonidan hujjatlarni hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalariga yuborishda yuzaga keladigan “katta muammolar” haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘n martadan rad etilgan arizalari bor.
“Bu jarayonda Toshkentdagi har bir uyga o‘rtacha $200 ming, Toshkent viloyatida esa $100 mingga yaqin „xarajat“ to‘g‘ri keladi (bu yerda pora nazarda tutilmoqda — Spot izohi). Biz bu summalarni soliq sifatida mamnuniyat bilan to‘lashga tayyormiz. Keling, ochiq-oydin ishlaymiz. Ruxsatnoma beruvchilarga nisbatan javobgarlik choralarini joriy etish kerak. Chunki, oxir-oqibat arizalar baribir tasdiqlanadi”, — deya ta’kidladi u.
Undan keyin Qurilish vazirligi tadbirkor bildirgan fikr-mulohazalari yuzasidan rasmiy bayonot berib, sohaga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini faqat Yagona portal (my.gov.uz) hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. “Bu jarayonlarda jismoniy yoki yuridik shaxs hamda vakolatli organ vakili o‘rtasida o‘zaro muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi xabarda.
Keyinroq Kadastr agentligi ham holat yuzasidan izoh berib, qurilish uchun ruxsatnoma berishda kadastr idoralari ishtirok etmasligini bildirdi. Taʼkidlanishicha, ular qurilish jarayoni tugagach ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantiradi. Agentlik korrupsiyani keskin qoralashini bildirib, tadbirkorlar va fuqarolarni turli ayblovlar bilan jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.
Holat bu bilan yakunlanmadi, Qurilish vazirligi Usmonjon Abdusamatov ustidan IIVga shikoyat kiritdi. Qayd etilishicha, tadbirkorning fikrlari vazirlik va uning tizimidagi xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan. Biroq, vazirlikning ushbu harakati ijtimoiy tarmoqlar hamda kech jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay, Biznes-ombudsman holat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Tashkilot tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Holat tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholandi.
“Agar tadbirkor soha rivoji yo‘lida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab bo‘lmasligi lozim. Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur”, — qayd etiladi xabarda.
Biznes-ombudsman tadbirkorlarning huquqlari qonun bilan kafolatlanganini eslatib, ularning huquqlari buzilishi hamda faoliyatiga asossiz to‘sqinliklar kuzatilsa, murojaat qilishlari mumkinligini bildirdi.
Avvalroq Spot eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi mart-aprel oylarida Qonunchilik palatasiga kiritilishi kutilayotgani haqida yozgandi.
