O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi (O‘zRTXB) ma‘lumotlariga ko‘ra, sotuvlar hajmining pasayishi fonida AI-92 markali avtomobil benzinining narxi bir kun ichida 7% dan ko‘proqqa oshgan.
10-mart kuni AI-92 benzinining narxi 7,4% ga o‘sib, bir tonnasi uchun 12,72 mln so‘mdan oshdi. Ayni paytda, sotilgan yoqilg‘i hajmi ikki baravardan ko‘proqqa — juma kungi 3784 tonnadan seshanba kuni 1835 tonnagacha kamaydi.
AI-92 benzini narxining keskin o‘sishi Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli jahon neft kotirovkalarining ko‘tarilishi fonida yuz berdi. O‘tgan hafta neft narxi 2022-yilning yozidan beri ilk bor bir barrel uchun $100 dan oshdi, ammo keyinroq biroz pasaydi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta‘kidlashicha, jahon bozorida neft narxining o‘sishi “oligarxiya va monopolistlar” uchun mamlakat ichidagi yoqilg‘i narxlarini oshirishga “zo‘r bahona"dir. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda jahon kotirovkalari bir barrel uchun $80 dan $60 gacha (-25%) tushganiga qaramay, O‘zbekistonda benzin 11,9% ga qimmatlashgan.
Bundan tashqari, benzinning birjadagi narxlari butun O‘zbekiston bo‘ylab metan “zapravka"larining yopilishi fonida ham ko‘tarildi. Havo sovishi sababli Energetika vazirligi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etdi. Biroq, vazirlik cheklovlarning qachon bekor qilinishi sanasini ma‘lum qilmadi.
O‘zbekneftgaz 2024-yil oktabr oyi oxiridan boshlab AI-92 markali benzinni tovar-xom ashyo birjasiga chiqara boshladi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan yoqilg‘ining narxi bir tonna uchun 11,5 mln so‘mdan oshgan edi. O‘tgan yilning avgust oyida esa AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatlab, bir tonnasi 13,3 mln so‘mdan ortiqni tashkil qilgandi.
Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz yil boshidan buyon 11 ta yangi quduqni ishga tushirgani haqida yozgandi.