Avvalroq Spot 10-mart kuni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi.

Yig‘ilishda turizm salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun, har yili 1 mln turistni jalb qilayotgan Miraki shaharchasi tajribasi asosida yangi loyihalarni boshqa hududlarda ham kengaytirish zarurligi qayd etildi. Jumladan:

  • Qamashi tumanida “Maydanak” baland tog‘ turizm markazini tashkil etish;
  • Shahrisabz tumanida 13 ming sayyohga mo‘ljallangan “G‘elon” xalqaro umummavsumiy kurortini barpo etish;
  • Yakkabog‘ tumani Tatar qishlog‘ida turizmni rivojlantirish;
  • Hazrati Sulton cho‘qqisi hududida treking yo‘nalishlari va chodirli uylar oromgohini tashkil etish loyihalari rejalashtirilgan.

Umuman olganda, joriy yilda 45 ta mehmonxona va mehmon uylari ochish hamda 1130 ta qo‘shimcha joy yaratish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, viloyatda yo‘l, uy-joy hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash dasturlari ham muhokama qilindi.

“Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 2 ta tuman va 46 ta mahallada, shuningdek, og‘ir toifadagi 3 ta tuman va 108 ta mahallada ichki yo‘llar, suv taʼminoti, sug‘orish infratuzilmasi hamda elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun jami 864 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy sohada oilalar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha choralar belgilandi. Xususan:

  • yangi davlat va xususiy bog‘chalar hamda maktablar tashkil etish;
  • 120 ming nafar ayolni ish bilan ta’minlash;
  • 21 ming nafar ayolni kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish;
  • “Ayollar daftari” dasturi doirasida 102 ming nafar ayolga yordam ko‘rsatish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Germaniya bilan hamkorlikda tartibli mehnat migratsiyasini yo‘lga qo‘yish va kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish bo‘yicha yangi tashabbuslar taqdim etildi.

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda 3000 nafar, 2027-yilda 5000 nafar yoshni Germaniyaga ishga yo‘naltirish, ularni o‘qitish uchun Qarshi shahrida Taʼlim va texnologiyalar markazini ochish rejalashtirilgan.

Yig‘ilish yakunida prezident mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.


Avvalroq YTTB Qashqadaryoda quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi uchun qariyb $200 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.

Mablag‘lar hisobidan 300 MVt quvvatli yangi quyosh fotoelektr stansiyasi va 75 MVt·soat sig‘imli akkumulyatorli energiya saqlash qurilmasini quriladi.