Toshkent shahridagi uy-joylar narxini onlayn kuzatish imkoni yaratiladi. Bu haqda 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident tomonidan qo‘mita huzurida Urban Community mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida korxona tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgan. U orqali urbanistlar va ekspertlar bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazilib, sohadagi muammolar muhokama qilinadi. Qaror qabul qilishda ekspert kengashining xulosalari muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kudbiyev qo‘mita qurilish sohasidagi muhim axborotlarni muntazam ravishda yetkazib boruvchi alohida tizim yaratishdan manfaatdor bo‘lishini qayd etdi.

Bundan tashqari, Toshkentdagi turar joylarning o‘rtacha kvadrat metr narxlarini tumanlar kesimida e’lon qilib borish ko‘zda tutilgan. Buning uchun Urban Community tomonidan qo‘mita sayti yaratilib, ishga tushiriladi. Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, bu “tarixda birinchi marta” davlat tashkiloti darajasida narxlar haqida ma’lumot berilishi bo‘ladi.

“Biz xalqimiz manfaati uchun Toshkent shahridagi o‘rtacha kvadrat metr narxlarni e’lon qilib borishimiz kerak. Uyning bir kvadrat metri qanchaga tushyapti, Yakkasaroyda, Mirzo Ulug‘bekda, Uchtepada yoki Sergelida narxlar qanday bo‘lyapti — odamlar buni bilishi kerak. Masalan, bir qavatli uylarga investitsiya kiritmang, ularning qiymati past bo‘ladi. Agar “snos"ga tushsa, sizga ana shu qiymatda [to‘lab beriladi], deb formulasini ko‘rsatishimiz, buzilishlar qachon, qayerda bo‘lishini Toshkent shahrining bosh planidan ko‘ring, deb ko‘proq axborot berishimiz kerak”, — dedi Sherzod Kudbiyev.

U jurnalistning “faqat Toshkent shahridagi uy-joylar narxlari e’lon qilinadimi?”, degan savoliga “Barcha hudud bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilishga harakat qilamiz. Bu O‘zbekiston milliy qo‘mitasi, faqat Toshkent shahriniki emas-ku”, — deya javob berdi.

24-fevral kuni qabul qilingan prezident farmoni (PF-29-son) bilan tasdiqlangan “yo‘l xaritasi"ga ko‘ra, uy-joy bozorida narxlar kuzatuvini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, uy-joy narxlari indeksi ma’lumotlari Milliy statistika qo‘mitasining siat.stat.uz va stat.uz rasmiy saytlarida e’lon qilib boriladi.

Avvalroq Spot eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi mart-aprel oylarida Qonunchilik palatasiga kiritilishi kutilayotgani haqida yozgandi.