Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro sabab mintaqaning sayyohlik sanoati kuniga $600 mln yo‘qotmoqda. Bu haqda Butunjahon turizm va sayohat kengashi (WTTC) ma’lumotlariga tayanib, Financial Times (FT) gazetasi xabar berdi.
Reyslarning bekor qilinishi, havo hududining yopilishi va sayohatchilar orasida ortib borayotgan xavotir Yaqin Sharq iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda.
Nashrning qayd etishicha, sayohatchilar mintaqadagi ta’tillarini shoshilinch ravishda bekor qilmoqda.
AirDNA tahliliy guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, 6-martgacha bo‘lgan bir hafta ichida birgina Dubayning o‘zida o‘zida qisqa muddatli ijaraga olingan turar joylar bo‘yicha 80 mingdan ortiq bron bekor qilingan.
Mojaro boshlanishidan oldin WTTC joriy yilda xorijiy sayyohlar Yaqin Sharqda taxminan $207 mlrd sarflashini prognoz qilgan edi.
Kengash raisi Gloriya Gevaraning ta’kidlashicha, hatto qisqa muddatli uzilishlar ham mintaqadagi turistik yo‘nalishlar, bizneslar va xodimlar uchun tezda katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Yaqin Sharqdagi mojaro
28-fevral kuni AQSH va Isroil Eronga aviazarbalar berishni boshladi, Tehron va boshqa shaharlarda kuchli portlashlar qayd etildi, deya xabar berdi The New York Times.
Donald Tramp AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi. Shundan keyin Isroil ham, Eron ham o‘z havo hududlarini yopdi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Isroildagi obyektlarga hujum qilib, keng ko‘lamli javob amaliyoti boshlanganini e’lon qildi.
Shuningdek, AQSHning Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qatar, Quvayt, BAA, Ummon, Saudiya Arabistoni va Suriyadagi obyektlari ham zarbaga uchradi.
Avvalroq Spot 10-mart kuni Yaqin Sharqdan 25 mingdan ortiq o‘zbekistonlik evakuatsiya qilingani haqida yozgandi.