Urganchda qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston-Niderlandiya qo‘shma o‘quv markazi ochiladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Niderlandiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov MMBS Groep kompaniyasi rahbari va Bouwmensen Amsterdam taʼlim markazi menejeri bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni mustahkamlash, viza tartib-taomillarini soddalashtirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi dasturlarini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Niderlandiya tomoni O‘zbekistonning malakali kadrlar yetishtirib berishda ishonchli hamkor ekanini alohida eʼtirof etdi.

MMBS Groep vakilining maʼlum qilishicha, hozirda 40 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis 2500 yevro maosh bilan ishga joylashtirilgan. Shu bilan birga, kompaniya kelgusida yana taxminan 6 ming kishini ishga olishni rejalashtirilmoqda.

Muzokaralar yakunida tomonlar Urganchda qurilish sohasi bo‘yicha birinchi o‘quv markazini ochishga kelishib oldi.

Keyinchalik santexnika, elektrika va boshqa yo‘nalishlarda ham mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishildi.

Avvalroq joriy yilda 3000 nafar qashqadaryolik yoshlar Germaniyaga ishga yuborilishi haqida xabar berilgandi.