Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
2026-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish hisobidan sanoatda 8,6%lik o‘sishni taʼminlash, $3,5 mlrd investitsiya hisobiga $727 mlnlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Natijada viloyat iqtisodiyoti 8,2% ga, xizmatlar 15,9% ga, qurilish 13,2% ga, qishloq xo‘jaligi 5,8% ga o‘sishi kutilmoqda.
Sanoatda $1,7 mlrdlik 195 ta loyihani ishga tushirish, qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda mikrosanoat markazlari tashkil etish orqali tarmoqlarda yuqori o‘sish surʼatlarini taʼminlash zarurligi qayd etildi.
Viloyatda qator yirik sanoat loyihalarini amalga oshirish rejalari haqida axborot berildi. Jumladan, mato, kiyim-kechak va gigiyenik vositalar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalari, elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari, fibrosementli panellar va devor plitalarini ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi va Qarshi yashil texnologiyalar sanoat zonasini tashkil etib, 2026−2027-yillarda ularda $1,1 mlrddan ziyod bo‘lgan 36 ta loyihani amalga oshirish va 6 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish uchun mahallalarda 820 mlrd so‘mlik kreditlar, 52,3 mlrd so‘mlik ssuda va subsidiyalar ajratish, o‘zini o‘zi band qilganlarni qo‘llab-quvvatlash orqali 48 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etiladi, 31 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi.



Natijada 2026-yil yakuniga qadar ishsizlikni 3,2% ga, kambag‘allikni 3% ga tushirish, bunda G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan.
2030-yilgacha 200 ming gektar, shu jumladan, 2026-yilda 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, infratuzilma bilan taʼminlash orqali ozuqa ekinlari, kartoshka, sabzavot, dukkakli va moyli o‘simliklar yetishtirish hajmlarini oshirish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yilda g‘alla hosildorligini o‘rtacha 84,8 sentnerga, paxta hosildorligini 47,5 sentnerga, kartoshka hosildorligini 175 sentnergacha oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 48 ta g‘alla kombayni, 272 ta chigit ekish seyalkasini xarid qilish, suv tejovchi texnologiyalar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga qishloq xo‘jaligida daromadni 20−35% ga oshirish imkoni mavjudligi ko‘rsatildi.
Yig‘ilishda Qashqadaryo uchun suv ta’minoti eng dolzarb masalalardan biri ekani ta’kidlandi. Mintaqada qishloq xo‘jaligi ekinlarining katta qismi nasoslar yordamida sug‘orilishini inobatga olib, 2026-yilda 320 km magistral va 3,3 ming km ichki kanallar betonlanib, 70,6 ming gektar maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.
Shuningdek, 27,4 ming gektar maydonda lazer yordamida yer tekislash ishlarini amalga oshirish hamda 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi. Natijada 800 mln kub metrga yaqin suvni tejash kutilmoqda.
Prezidentga Qarshi shahrini ichimlik suvi bilan yaxshiroq ta’minlash maqsadida Hisorak suv omboridan suv yetkazib berish loyihasi ishlab chiqilgani haqida ham ma’lumot berildi.
Loyiha doirasida 16 ta ichimlik suvi inshooti va 416 kilometr suv tarmog‘i quriladi. Shuningdek, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida, hamda Dehqonobod va Qamashi tumanlarida kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi.
Yig‘ilish yakunida davlat rahbari belgilangan vazifalar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlarini taʼminlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Avvalroq Spot Irrigatsiya universitetida dronlarni boshqarishga o‘qitish kurslari joriy etilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, kosmik tadqiqotlar va sunʼiy yo‘ldoshlar laboratoriyasi, kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilinadi.


