Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Trampning sof boyligi so‘nggi bir yil ichida $1,4 mlrdga oshdi.
Hozirda Trampning umumiy boyligi $6,5 mlrdga baholanmoqda. U dunyoning eng boy odamlari reytingida 700-o‘rindan 645-o‘ringa ko‘tarilgan.
Qayd etilishicha, Tramp boyligining sezilarli qismi kriptovalyuta bilan bog‘liq bitimlar hisobiga oshgan. Taxminlarga ko‘ra, u o‘tgan yil davomida WLFI kripto tokenlarini sotishdan qariyb $550 mln daromad olgan. Bundan tashqari, u hali ham WLFI va TRUMP nomli ko‘plab kripto tokenlariga egalik qiladi.
Bundan tashqari, Forbes nashrining yozishicha, hisob-kitoblarda Nyu-York sudining qarori ham inobatga olingan. Bu qaror tufayli Tramp 517 million dollar va uning foizlarini to‘lashdan ozod bo‘lgan.
Shuningdek, unga tegishli ko‘chmas mulklar, jumladan, golf maydonchalari va “qishki Oq uy” laqabini olgan Mar-a-Lago qo‘rg‘oni qiymatining oshgani ham hisobga kiritilgan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp 1985-yilda bu mulkni taxminan $10 mlnga sotib olgan, hozirda esa uning qiymati qariyb $560 mlnni tashkil etadi. Bu 2023-yilgi narxdan deyarli $200 mlnga ko‘pdir.
Avvalroq Forbes jurnali dunyodagi milliarderlarning 40-yillik reytingini e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.
Bu yil ro‘yxatga 3428 nafar milliarder kirdi — bu o‘tgan yilgi rekorddan 400 nafarga ko‘p, shuningdek 1987-yilda ro‘yxat tuzila boshlaganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Dunyoning eng boy insonlarining umumiy boyligi rekord darajadagi $20,1 trlnni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich $16,1 trln edi.
Bundan tashqari, dunyo bo‘yicha rekord darajada — 20 nafar insonning boyligi 12 xonali ($100 mlrddan ortiq) darajaga yetdi.
Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil Forbes talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egalladi.
Tesla, SpaceX asoschisi va X ijtimoiy tarmog‘i egasining boyligi $839 mlrdga baholanmoqda.
Mask fevral oyi boshida SpaceX kompaniyasining o‘z xAI startapi bilan birlashishidan so‘ng boyligi $800 mlrdlik dovondan oshgan ilk insonga aylandi.
Ikkinchi o‘rinni $257 mlrd bilan Google hammuassisi Larri Peyj egalladi, undan keyingi o‘rinda $237 mlrd boylik bilan Google’ning yana bir asoschisi Sergey Brin turibdi.
$224 mlrd boylik bilan Amazon asoschisi Jeff Bezos to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikni Meta egasi Mark Sukerberg $222 mlrd bilan yakunlab bergan.