Shuhrat Sattorov — rahbar, jurnalist va tarjimon bo‘lib, ta’lim sohasida turli lavozimlarda ishlagan. Hozir u Toshkentdagi Amity universiteti rektori sifatida faoliyat yuritadi. Uning kutubxonasida 200 ga yaqin kitob bo‘lib, o‘qigan kitoblari soni esa 300 dan oshadi.
U bugungi kunda elektron kitoblardan foydalanishiga qaramay, qog‘oz kitoblarni alohida qadrlaydi, chunki ular unga ish bosimidan chalg‘ish va ichki muvozanatni tiklash imkonini beradi.
“Muhimi suhbatdoshni to‘g‘ri tanlash. Shunda u sizni o‘ziga tortadi va fikringizni band qiladi”, — deydi Sattorov, va bu fikri uning kitob tanlash odatlariga ham tegishli. U ta’lim, menejment, psixologiya va ilmiy izlanishlarga oid kitoblarni ko‘proq o‘qisa-da, ish stolida har doim badiiy asar mavjud, bu esa uning kundalik hayotiga rang va ilhom qo‘shadi.
Shuhrat tarjimon sifatidagi faoliyatini 2009-yilda Paulo Koeloning “Portobello jodugari” romanini tarjima qilish bilan boshlagan va hozirga kelib o‘nga yaqin kitobni tarjima qilgan. Ulardan ba’zilari — Epikurning “Menokevsga maktub"i, “Yunon donishmandlari” va “Mahatma Gandi: aforizm va dono fikrlar” kabi mashhur asarlar.
Shu bilan birga, u “Biz g‘alaba qozonamiz” nomli motivatsion kitobning muallifi bo‘lib, unda shaxsiy rivojlanish, iroda va mas’uliyat hamda milliy o‘sish mavzulari yoritilgan. Shuhrat Sattorov Spot’ga sevimli kitoblari va ularning hayotidagi o‘rni haqida gapirib berdi.
“Inqirozdan chiqish”, Eduards Deming
Ushbu asar boshqaruv va menejment yo‘nalishidagi yuqori reytingli kitoblardan biri bo‘lib, tizimli fikrlashni shakllantirishda fundamental qo‘llanma hisoblanadi. U davlat tashkilotlari, xususiy sektor va yirik kompaniyalar uchun birdek mos keladi.
Kitobning bosh g‘oyasi tizimdagi ma’lumotlarning barcha uchun ochiqligidir. Ya’ni, farroshdan tortib top-menejerlargacha muassasa qayerga qarab ketayotgani, uning strategik maqsadlari va yillik vazifalaridan to‘liq xabardor bo‘lishi lozim. Har bir bo‘g‘in xodimi umumiy strategiyani aniq-tiniq tushunishi ish samaradorligining asosiy shartidir.
Asarning yana bir inqilobiy jihati shundaki, agar tashkilotda samaradorlik past bo‘lsa, bu xodimning aybi emas, balki tizimsizlik natijasidir. Tizim uchun esa doimo rahbariyat javobgar hisoblanadi. Holatlarning 85−90%ida muvaffaqiyatsizlikka aynan tizimli kamchiliklar sabab bo‘lishi kitobda asosiy konsseptsiya sifatida ilgari surilgan.
Bu kitobni o‘qib, tizimli fikrlash va samarali boshqaruv bo‘yicha qarashlarim qanday o‘zgarganini sezdim. Ushbu yondashuv menga shuni ko‘rsatdiki, tashkilotning muvaffaqiyati ko‘pincha xodimlarning emas, balki tizimning o‘zida yashirinadi. Har bir bo‘g‘in xodimi umumiy strategiyani to‘liq tushunsa, ish samaradorligi sezilarli darajada oshadi.
Shuningdek, kitob qisqa muddatli foyda ortidan quvmaslik va uzoq muddatli rejalarga tayanish zarurligini aniq tushuntirdi. Menejmentda har bir insonga adolat bilan munosabatda bo‘lish faqat tamoyil emas, balki samarali tizimning poydevori ekanini his qildim. Shu sabablarga ko‘ra, bu asar men uchun nafaqat nazariy bilim, balki amaliy hayotimga tatbiq qilinadigan foydali qo‘llanma bo‘ldi.
“Emotsional intellekt”, Daniel Goleman
Muvaffaqiyat formulasi faqatgina IQ bilan o‘lchanadigan davrlar ortda qoldi. Ushbu asar insonning kasbiy va shaxsiy hayotidagi yutuqlari uning hissiy aqli, ya’ni o‘z tuyg‘ularini boshqara olish qobiliyatiga qanchalik bog‘liqligini ilmiy va amaliy jihatdan isbotlab beradi.
Kitobning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, 20-asr o‘rtalarigacha inson yutug‘i ko‘proq qoidalarni yodlash, formulalar bilan ishlash va mantiqiy tahlilga bog‘liq, deb qaralgan. Daniel Goleman tadqiqotlari esa haqiqiy baxt va uzoq muddatli muvaffaqiyatning asosi emotsional intellekt ekanligini ko‘rsatadi. Bu nafaqat o‘z hissiyotlarini anglash, balki boshqalar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatish va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishni ham anglatadi.
Bugungi sun’iy intellekt va robotlar asrida kitobning ahamiyati yanada ortgan. Bugungi texnologiyalar istalgancha ma’lumotni yodlashi va tahlil qilishi mumkin, biroq ular hech qachon “hissiy qaror” qabul qila olmaydi. Bu asarni o‘qib, hissiy intellektning hayotdagi roli haqida ko‘p narsalarni angladim. Shu fikr menga shuni eslatdi: faqat bilim va texnik ko‘nikmalar yetarli emas, haqiqiy muvaffaqiyat hissiy ong va boshqalar bilan munosabatlarni boshqarish qobiliyatiga bog‘liq.
Shuningdek, kitob rahbar sifatida jamoani ilhomlantirish va ish muhitini baxtli qilish uchun faqat quruq hisob-kitob yetarli emasligini ko‘rsatdi. Insoniy munosabatlar, empatiya va hissiy bog‘liqlik jamoani samarali boshqarishning asosiy omillari ekanini his qildim. Shu sababli, bu asar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy hayotimda qo‘llashim mumkin bo‘lgan foydali qo‘llanma bo‘ldi.
“Yuqori samarali odamlarning yetti odati”, Stiven Kovi
Daniel Goleman hissiyotlar olamiga urg‘u bergan bo‘lsa, Stiven Kovi o‘z asarida amaliyotga e’tibor qaratib, muvaffaqiyatga erishish uchun tizimli odatlarning ahamiyatini ko‘rsatadi. Kitob hayot tarzi va ish uslubini tubdan o‘zgartirishni istaganlar uchun dastur sifatida tuzilgan.
Asarda inson o‘z hayoti va qarorlari uchun javobgarlikni olishi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlashi, strategik maqsadlarga e’tibor qaratishi va jamoaviy muvaffaqiyatni ko‘zlovchi fikrlashni shakllantirishi zarurligi misollar bilan tushuntiriladi.
Asar menga har bir kunni samarali o‘tkazish va o‘z ustida ishlashning amaliy jihatlarini ko‘rsatdi. Tizimli yondashuv va odatlarni ongli ravishda shakllantirish muvaffaqiyatga erishishning asosiy yo‘li ekanini yanada aniqroq angladim.
“Muhim narsalarni o‘lchang”, Jon Dor
Jon Dorning ushbu asari bugungi kunda zamonaviy boshqaruvning asosi hisoblangan OKR tizimi haqidagi eng mukammal yo‘riqnomadir. Kitobning asosiy g‘oyasi shundaki, har qanday samarali faoliyat negizida maqsadni to‘g‘ri belgilash san’ati yotadi.
Muallif shaxsiy yoki professional sohada bo‘lishidan qat’i nazar, maqsad qo‘yishda uchta mezonga e’tibor berishni tavsiya qiladi: maqsad aniq bo‘lishi, ich-ichidan ilhomlantirishi va natija o‘lchanuvchan bo‘lishi kerak.
Birinchidan, belgilangan maqsad mutlaqo aniq bo‘lishi, ikkinchidan, u insonni ich-ichidan ilhomlantira olishi, uchinchidan esa, natija albatta o‘lchanuvchan bo‘lishi lozim. Agar qo‘yilgan maqsad mana shu uch mezonning birortasiga javob bermasa, u shunchaki quruq istak bo‘lib qoladi. Aynan mana shu tamoyilga amal qilish orqali inson o‘z vaqtini bekorga sarflamayotganini va har bir harakati aniq natija sari xizmat qilayotganini his qiladi.
Kitobda keltirilgan Google, Alphabet va Intel kabi yirik kompaniyalar tajribasi esa, nazariyani amaliyot bilan bog‘lash imkonini berdi va o‘z loyihalarimni muvaffaqiyatga olib chiqishda qimmatli yo‘riqnoma bo‘ldi.
“Baxt yetkazish”, Toni Shey
Kitobda muallif o‘z hayoti va kasbiy muvaffaqiyatini juda chiroyli bog‘laydi. Ota-onaning roli, ta’lim va shaxsiy e’tiqodning ahamiyati aniq ko‘rinadi. Toni Sheyning boshqaruv falsafasi “baxt zanjiri” g‘oyasiga asoslangan: kimdir tabassum ulashsa, u boshqasiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Shu kabi oddiy odatlar jamoada iliq va samarali muhit yaratadi, bu esa yirik kompaniyalar uchun muhimdir.
Shuningdek, muallifning do‘stlariga bo‘lgan sadoqati alohida e’tibor qozonadi — katta mablag‘ga ega bo‘lsa ham, u do‘stlari uchun maxsus uchrashuv joylarini tashkil qiladi. Bu esa insoniy fazilatlarning biznesdagi o‘rnini yanada yaqqol ko‘rsatadi.
Kitobni o‘qish orqali muvaffaqiyat va yirik kompaniya qurishning oddiy qadamlardan boshlanishini angladim va bu har birimiz uchun amaliy va erishish mumkin ekaniga ishonch hosil qildim.
Mazkur besh kitobdan iborat to‘plam kitobxonni nafaqat samarali rahbar, balki maqsadli va baxtli shaxs sifatida yangi bosqichga olib chiqadi. Ular shaxsiy va professional rivojlanishim uchun qo‘llanma bo‘la oldi, hayotdagi harakatlarimni yanada maqsadli va ongli qilishga yordam berdi.




