Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda mamlakatda internetda axborot tarqatish va maʼlumot izlash imkoniyatlari kengayayotgani taʼkidlandi. Jumladan, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilarning soni 31 mlndan oshgan bo‘lib, shundan 14 mlni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.

Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari kun sayin ortib bormoqda.

Xususan, so‘nggi 6 yilda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82%i, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76%i kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trln so‘mdan oshgan.

Taqdimotda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin ko‘payib borayotgani milliy qonunchilikka shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini og‘irlashtirish va kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash bo‘yicha normalarni kiritish vaqti kelganini ko‘rsatayotgani aytildi.

Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda ko‘plab fuqarolarga jabr keltirayotgan “moliyaviy piramida” uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.

Fuqarolarning o‘z nomidagi elektron to‘lov vositasi, kriptohamyon, SIM-karta yoki elektron akkauntlardan kiberjinoyat sodir etishda foydalanilishiga yo‘l qo‘yganlik uchun ma‘muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

Bunda shaxs o‘z nomiga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari va abonent raqamlaridan foydalanishda shaxsiy mas‘uliyatini oshirish maqsad qilingan.

“Taʼkidlash kerakki, bugun muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlar natijasida katta salbiy oqibatlarga va moddiy zarar olib keluvchi kiberhujumlar global tus olib, respublikamizda ham kuzatilmoqda. Bu esa yuridik shaxslar o‘z tasarrufidagi axborot tizimlarining xavfsizligini bugungi kundagi zamonaviy tahdidlarga munosib tarzda takomillashtirib borishi va kiberxavfsizlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratishini taqozo etmoqda”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Shunga ko‘ra, yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qatʼi nazar, maʼmuriy javobgarlikni belgilash taklif qilindi.

Ushbu amaliyot masofadan moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi banklarga ham taalluqli bo‘lib, ular ham o‘z tizimlarida firibgarliklarning oldini olish bo‘yicha himoya va xavfsizlik choralarini muntazam takomillashtirib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Xususan, o‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shu nuqtayi nazaridan, tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surildi.

Avvalroq Adliya, Energetika vazirliklari va Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.