Toshkentda dizayn-kod tasdiqlandi. Poytaxt xalq deputatlari Kengashi bu haqdagi tegishli qarorni qabul qildi.
28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent shahar hokimligining Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi.
Qaror ilovalarida quyidagilar tasdiqlangan:
- jamoat joylarining turlari va chegaralari, shuningdek, ularni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
- Toshkent shahar dizayni elementlarini joylashtirish qoidalari, tijorat obyektlarini rasmiylashtirish tartibi, shaharning vizual o‘ziga xosligini shakllantirish, tutash hududlardan foydalanish, konstruksiyalar va axborot vositalarini (reklama, peshlavhalar, yozuvlar) joylashtirish, shuningdek, shahar dizayni elementlari kataloglari;
- Toshkent shahrining sayyohlik va gastronomik ko‘chalari ro‘yxati;
- jamoat joylarida obodonlashtirish va sanitariya tozalov ishlarini o‘tkazish uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori;
- Tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasining tarkibi.
Tuman hokimliklariga qaror kuchga kirgan kundan boshlab ikki oy muddatda tuman bosh arxitektorlari tomonidan har xil turdagi jamoat joylari chegaralarining sxemalarini ishlab chiqishni ta‘minlash topshirildi.
Arxitektura-shaharsozlik kengashiga jamoat joylaridagi mavsumiy savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini, jumladan, tutash hududlardan ijara shartlari asosida foydalanadigan obyektlarni loyihalashga oid topshiriqlarni tasdiqlashda, shuningdek, qurilish-montaj ishlarini kelishishda dizayn-kod talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish yuklatildi.
Toshkent shahar hokimligi mulkchilik shaklidan qat‘i nazar jismoniy va yuridik shaxslarga qurilish, ta‘mirlash, buzish, qazish ishlarini olib borish, shuningdek, yo‘llar, trotuarlar va yo‘l infratuzilmasining boshqa obyektlarini o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnomalar berishda dizayn-kod talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni ta‘minlashi lozim.
To‘rt oy ichida poytaxt hokimiyati jamoat joylarida manzil ko‘rsatkichlari va navigatsiya elementlarini tasdiqlangan standartlar asosida o‘rnatish va almashtirish dasturini ishlab chiqadi.
Bundan tashqari, shaharsozlik me‘yorlari va qoidalarini ishlab chiqishda kapital qurilish obyektlari hamda jamoat joylarining tashqi ko‘rinishiga oid dizayn-kod talablarini integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori rasman e‘lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng — may oyi o‘rtalaridan kuchga kiradi. Hujjat bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.
Dizayn-kod talablariga qachon rioya qilish kerak?
Tuman hokimliklariga tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha shahar komissiyasining xulosalari asosida quyidagilar topshirildi:
- loyihalarning dizayn-kod talablariga muvofiq amalga oshirilishini ta‘minlash;
- tutash hududlarda vaqtinchalik va doimiy konstruksiyalarni (vitrinalar, soyabonlar, reklama elementlari va boshqalar) joylashtirishni tashkil etish;
- dizayn-kod talablarini hisobga olgan holda, jumladan, ijara haqini, muddatlarini, tomonlarning majburiyatlari va javobgarligini belgilagan holda tadbirkorlar bilan ijara shartnomalarini tuzishda ishtirok etish;
- loyihalarda nazarda tutilgan obodonlashtirish ishlarining bajarilishini ta‘minlash;
- muhandislik elementlari, yoritish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish.
Toshkent shahridagi tashkilotlar, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar quyidagi hollarda qaror talablariga rioya etishlari shart:
- binolar va inshootlarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni kelishishda;
- obyektlarning ixtisoslashuvini o‘zgartirishga, ularni qayta qurish va rekonstruksiya qilishga, shuningdek, qo‘shimcha binolar qurishga ruxsatnomalar berishda;
- qurilish yoki rekonstruksiya uchun arxitektura-rejalashtirish topshiriqlarini ishlab chiqish va berishda;
- tadbirkorlar tomonidan tutash hududlarda va umumiy foydalanishdagi yerlarda yengil konstruksiyalarni joylashtirishda;
- qurilish obyektlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishishda;
- obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishda;
- savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etishda;
- reklama vositalari va mahsulotlarini joylashtirishda;
- muhandislik tarmoqlarini, yo‘l va transport infratuzilmasini, shuningdek, suv obyektlarini loyihalash, ta‘mirlash va modernizatsiya qilishda.
Bu holatlarning barchasida dizayn-kod talablariga majburiy tartibda rioya etilishi lozim.
Avvalroq Toshkent bosh rejasi $16,2 mlrdlik 31 ta yirik loyiha uchun o‘zgartirilgani haqida xabar berilgandi.







