Elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi. Tegishli qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Endilikda bunday qoidabuzarlik uchun fuqarolarga BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (6,18 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha) jarima solinadi. Mansabdor shaxslarga esa BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha (10,3 mln so‘mdan 12,36 mln so‘mgacha) miqdorda jarima belgilandi.

Amaldagi tahrirda fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 6,18 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 20 baravaridan 25 baravarigacha (8,24 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi belgilangan.

Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish uchun javobgarlik oshirldi.

Bunday holatda BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (6,18 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha) jarima solish yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Amaldagi tahrirda jarima miqdori BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha) miqdorda belgilangan.

Jinoyat kodeksi ga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Agar bunday harakat maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etilsa, BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha (12,36 mln so‘mdan 30,9 mln so‘mgacha) miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanishi mumkin.

Amaldagi tahrirda jarimaning eng kam miqdori BHMning 25 baravari (10,3 mln so‘m) etib belgilangan.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Avvalroq Samarqandda 2,2 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan mayning ferma aniqlangani haqida xabar berilgandi.