Avvalroq prezident kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda uyushgan jinoyatchilikning sodir etish shakl va uslublari yangilanib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Uyushgan guruhlar tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, o‘zini qonundan ustun qo‘yib sodir etilayotgan bezorilik holatlari ortib borayotgani ta‘kidlandi.

Shuningdek, o‘qotar qurolni namoyish qilish yoki qo‘llash, takroran sodir etish hamda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq bezoriliklar uchun amaldagi jazo choralari yetarli ta‘sir kuchiga ega emasligi qayd etildi.

So‘nggi vaqtlarda jangovar (aralash) sport turlari bo‘yicha yashirin ravishda noqonuniy janglar tashkil qilinib, ularda yoshlarning ishtirok etayotgani kuzatilayotgani aytildi. Biroq bugungi kunda buning uchun javobgarlik choralari mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, qonun hujjatlariga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yo‘qotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti kelgani ta‘kidlandi.

Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma tuzish, uni moliyalashtirish hamda ular sodir etgan jinoyatlarni yashirishga homiylik qilish uchun jinoiy javobgarlik belgilash taklif etildi.

Bezorilik jinoyati uchun jazo choralarini kuchaytirish hamda jangovar sport turlari bo‘yicha musobaqalarni noqonuniy tashkil etish va o‘tkazganlik uchun ham javobgarlik joriy etish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonunga xilof tarzda tashkil etilgan bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun ma‘muriy javobgarlik belgilash taklif qilindi.

Muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqilgan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlarini yana-da kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihalari taqdimot qilindi.

Prezident takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq Farg‘onadan turib Rossiya fuqarolarining 9,5 mln rublini o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olingandi.