12-mart kuni metan “zapravka"lar ijtimoiy soha va jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, magistral gaz quvurlarida bosimni rostlash va me‘yoriy holatga keltirish ishlari davom etmoqda.
Birinchi navbatda aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta‘minlash maqsadida 12-mart kuni metan “zapravka"lar faqat ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi.
Qayd etilishicha, birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin va suyultirilgan gaz (propan) hajmi oshirilgan bo‘lib, yetarli miqdorda yetkazib berilmoqda.
“Shu o‘rinda xususiy avtozapravkalar egalaridan narxlarni sunʼiy ravishda oshirmasliklarini, avtobenzinni sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishlarini so‘raymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Qo‘shimcha qilinishicha, vakolatli tashkilotlar tomonidan nazorat tadbirlari kuchaytirilib, narxlarning asossiz ravishda oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Havo harorati pasayishi sababli 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.