Avvalroq prezident raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Taʼkidlanishicha, 2025-yili aliment bilan bog‘liq 70 ming murojaat kelib tushgan. Majburiy ijro byurosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30%i hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada hokimlar aliment to‘lovchilarning qanchasining kasbi bor, lekin ishsiz, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilmayotgani, shundan kelib chiqib, bandlik bo‘limi va “mahalla yettiligi” oldiga aniq masala qo‘ymayotgani tanqid qilindi.
Hududlarda ishlarni shu tartibda tashkil qilsa, aliment bo‘yicha murojaatlar 2 karra kamayishi mumkinligi qayd etildi.
Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, chet eldagi yuqori daromadli ishlarga yuborish bo‘yicha tizim yaratilgani, lekin aliment majburiyati bo‘lgan odamlar bu imkoniyatdan foydalana olmayotgani taʼkidlandi.
Chunki fuqaro chetga chiqishi uchun 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchidan yozma rozilik olishi kerak. Mutasaddilarga bu masalani chuqur o‘rganib, tegishli taklif kiritish topshirildi.
Prezident Xalq qabulxonalari diagnostika markaz sifati ishlashini ta‘minlashga qaratilgan yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi. O‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.
Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘ldi.
Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.
Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini “soyadan” chiqaradi.
Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 ga yaqin bolaning moddiy ta‘minoti o‘zgarishi ta‘kidlandi.