Fevral oyi yakunlariga ko‘ra, barcha turdagi avtotransport vositalari savdosining umumiy hajmi 84,2 ming donani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4% ga oshdi.
Avtomobil bozoridagi faollik o‘tgan oyga nisbatan ham ijobiy dinamikani namoyon etdi. Savdo hajmi 2% ga o‘sdi, bu esa yanvar oyiga nisbatan taxminan 1,6 ming donaga ko‘payganini anglatadi.
Eng katta o‘sish Samarqand viloyatida kuzatilib, bu yerda savdo hajmi 65% ga oshdi. Shuningdek, faollik Sirdaryo viloyatida — 7,2% ga, Toshkent viloyatida esa 12% ga o‘sdi.
Yangi avtomobillar
2026-yil fevral oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi taxminan 24 ming donani tashkil etib, joriy yilning yanvar oyi darajasiga mos keldi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan savdo hajmi 10,7% ga oshdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida esa yanada yuqori o‘sish sur’ati qayd etildi.
Savdo hajmi o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan 1,5 barobarga oshib, taxminan 3 ming donani tashkil etdi.
Elektromobillar bozori
Yengil elektromobillar segmentida faollik barqaror o‘sishni davom ettirmoqda.
Fevral oyida savdo hajmi 6,9 ming donani tashkil etib, bu o‘tgan oyga nisbatan 14% ga ko‘p demakdir.
Yillik hisobda elektromobillar savdosi 1,5 barobarga oshdi. Bu esa ushbu bozor segmentining izchil kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Avvalroq Spot Jizzaxda avtomobillar uchun 200 turdagi butlovchi qismlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.