Avvalroq prezident O‘zbekistonning Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash va kiberjinoyatchilikning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan O‘zbekistonning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi.

Uning asosiy maqsadi besh yil mobaynida kiberxavfsizlikni ta‘minlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat bo‘ladi. Asosiy maqsadga erishish uchun belgilangan vazifalar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

  • davlat organlarining axborot tizimlari, resurslari va muhim axborot infratuzilmasi obyektlari uchun kibertahdidlardan himoya qilish tizimini rivojlantirish;
  • kiberjinoyatchilikni aniqlash va uning oldini olish, unga qarshi kurashish usullarini takomillashtirish, kibermakondagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish;
  • muhim infratuzilma obyektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ularni buzganlik uchun javobgarlik joriy etish;
  • kiberxavfsizlik sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tizimini yaratish;
  • internetdan to‘siqlarsiz foydalanish uchun sharoit yaratish, internet savodxonligi va tarmoqdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish;
  • kiberxavfsizlik uchun ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
  • kiberxavfsizlik sohasida boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha tashabbuslarni rivojlantirish.

Strategiya doirasidagi ishlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri kiberjinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratishdan iborat bo‘ladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va fosh etishga mas‘ul bo‘linmalari faoliyatini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Kiberhujumlarga samarali chora ko‘rish uchun tezkor guruhlar tuziladi.

Kiberkriminalistlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish va raqamli kriminalistika rivojini ta‘minlash vazifasi qo‘yilmoqda. Huquqni muhofaza qilish idoralari kibermakondagi firibgarlik va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktik tadbirlarni boshlaydi.

Xususan, aholi uchun kiberxavfsizlik tushunchalarini izohlovchi “puxta ishlangan videolar” yaratiladi, davlat tashkilotlarida esa treninglar o‘tkaziladi. Kiberjinoyatlar to‘g‘risidagi arizalarni onlayn xizmatlar yordamida topshirishni soddalashtirish rejalashtirilmoqda.

Firibgarlik saytlarini aniqlash va ularga qarshi kurashish uchun antifishing platformasi yaratiladi. Operatorlar potensial firibgarlik qo‘ng‘iroqlarini aniqlash, ularni bloklash yoki ogohlantirish yuborish choralarini ko‘radi.

Mobil aloqa operatorlarining soxta qo‘ng‘iroqlarni bloklash, shuningdek, abonentlarni istalmagan qo‘ng‘iroqlardan himoya qilish va spam-qo‘ng‘iroqlarni cheklash bo‘yicha majburiyatlarini belgilash topshirildi. Davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, banklar va operatorlar o‘rtasida kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha hamkorlik reglamenti yaratiladi.

Kiberxavfsizlik sohasiga xususiy tuzilmalarni jalb qilish yana bir ustuvor yo‘nalish bo‘ladi. Biznes kiberhimoyani ta‘minlash, himoyalanganlikni baholash, hodisalarni monitoring qilish va boshqarish, mutaxassislarni tayyorlash hamda malakasini oshirish kabi ishlarda ishtirok etadi.

Strategiya kibertahdidlarni aniqlash va bartaraf etish uchun davlat organlari hamda xususiy tashkilotlar o‘rtasida ma‘lumotlar almashish mexanizmlarini nazarda tutadi. Shuningdek, ular o‘rtasida, jumladan, yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun hamkorlik platformalarini yaratish rejalashtirilgan.

Davlat organlariga tegishli AT-tizimlarni, shu jumladan, ma‘lumotlar markazlari, xostinglar va fayl omborlarini joylashtirishda bulutli xizmatlarning kiberxavfsizligiga oid talablar belgilanadi.

Bundan tashqari, strategiya moliya sektorida kibertahdidlarga qarshi kurashish choralarini kuchaytirishni ham qamrab oladi. Bu yo‘nalishda banklar, to‘lov tizimlari va servislari, kredit tashkilotlariga nisbatan talablarni, jumladan, bank va to‘lov tizimlarining kiberbarqarorligini ta‘minlash bo‘yicha talablarni belgilash rejalashtirilmoqda.

Bank xizmatlari sohasidagi firibgarlikka qarshi kurashish uchun jahon tajribasini inobatga olgan holda banklarning mijozlar bilan hamkorligini ta‘minlash choralari ko‘riladi. Bunga mijozlarni tahdidlar haqida xabardor qilish va ularni onlayn-bankingdan xavfsiz foydalanishga o‘rgatish kiradi.

Moliya sektori va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida kiberjinoyatlarning oldini olish va tergov qilish bo‘yicha “faol hamkorlik” mexanizmlarini yaratish topshirildi. Ular kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari, valyuta birjalari va kredit byurolarini qamrab oladi.

Markaziy bank, tijorat banklari va aholi o‘rtasida kiberjinoyatlar to‘g‘risida xabardor qilish hamda maslahatlar berish uchun ishonch telefonlari, chat-botlar va boshqa o‘zaro aloqa kanallari yaratiladi.

Kiberxavfsizlik sohasida kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar alohida belgilangan. Audit, hodisalarni tahlil qilish, raqamli kriminalistika, muhim infratuzilma kiberxavfsizligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitish mexanizmlari joriy etiladi.

Xalqaro sertifikatlar (CISSP, CISM, CompTIA Security+ va h.k.) olish hamda o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun sharoitlar yaratish vazifasi qo‘yilmoqda. Davlat tuzilmalari va muhim axborot infratuzilmasi subyektlarida ishlashga ruxsat berilgan mutaxassislar attestatsiyadan o‘tishlari shart bo‘ladi.

Aholiga internet va onlayn xizmatlardan xavfsiz foydalanishni o‘rgatish rejalashtirilgan. Maktablar va oliy o‘quv yurtlarida kibergigiyena hamda tarmoqdagi xavfsizlikning asosiy ko‘nikmalari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi, o‘quvchilar va talabalar uchun esa maxsus platformalarda kiberaxavfsizlik bo‘yicha bepul onlayn kurslar joriy etiladi.

Spot, avvalroq, AQSH O‘zbekiston fuqarosini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgandi.