O‘zbekistonda mart oyida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi rekord qayd etildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Xususan, 11-mart kuni mamlakat bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 267 mln kVt/soatni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, iste’mol hajmo o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 14 mln kVt/soatga ko‘pni tashkil qildi.
Shuningdek, kechki yuqori iste’mol soatlarida energetika tizimidagi eng katta yuklama soat 18:12 da 12 680 MVtga yetdi, bu esa avvalgi mart oyi ko‘rsatkichidan 480 MVtga yuqori bo‘ldi.
Bu kunda elektr stansiyalarda jami 272 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, ya’ni o‘tgan yil mart oyidagi ishlab chiqarishga nisbatan 12 mln kVt/soatga ko‘p.
Ta’kidlanishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasi oshib bormoqda. Kun davomida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 20,9%i qayta tiklanuvchi energiya manbalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Shundan quyosh va shamol elektr stansiyalari ulushi 14,3%ni tashkil qildi. Kunduzgi soatlarda elektr energiyasi balansini ta’minlashda quyosh va shamol stansiyalarining hissasi 35% gacha yetdi.
Avvalroq Spot fevralda O‘zbekistonda 815 mln kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.
Shundan 371 mln kVt⋅soat quyosh fotoelektr stansiyalari, 444 mln kVt⋅soat esa shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.