Apple Face ID o‘rniga Touch ID’ga ega buklama iPhone’ni chiqaradi, deya xabar berdi Bloomberg nashri.
Buklanadigan iPhone iOSda ishlaydi va ba’zi funksiyalarni iPadOSdagidek qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, bir nechta ochiq ilovalarni yonma-yon joylashtirish mumkin.
Qurilmada ikki ekran bo‘ladi — kichik tashqi va buklanadigan ichki ekran. Ichki ekran keng formatga ega bo‘ladi — bu hozir bozorda taqdim etilgan torroq buklanadigan smartfonlardan farq qiladi, deb ta’kidlaydi nashr. Aniq texnik xususiyatlar esa ma’lum emas.
Kompaniya displey ishlab chiqarishning yangi texnologiyasini tanladi. Bu ichki ekrandagi “g‘ijim"ni yo‘qotishi va uning ochib-yopilishlari sonini oshirishi kerak.
Tashqi displeyda old kamera uchun dumaloq tirqish paydo bo‘ladi — buning uchun Apple o‘zining an’anaviy “tabletka” shaklidagi o‘yig‘idan voz kechadi.
Shu bilan birga, displey bildirishnomalar va ilovalardagi ma’lumotlarni ko‘rish uchun “Dynamic Island” funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qulfdan chiqarish uchun esa kompaniya 2022-yilda voz kechgan “Touch ID” texnologiyasidan foydalaniladi. Avvalgi iPhone’lardan farqli o‘laroq, uni yon tugma yordamida faollashtirish mumkin bo‘ladi.
2025-yil martida Bloomberg jurnalisti Mark Gurman Apple o‘zining birinchi buklanadigan iPhone’ini 2026-yilda chiqarishi haqida aytgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilma Galaxy Z Flip emas, balki Samsung Galaxy Z Fold’ga o‘xshash kitobcha shaklida bo‘ladi. Bu iPhone gorizontal ravishda ochilib, ixcham planshetga aylanishini anglatadi.
Gurmanning aniqlik kiritishicha, Apple buklanadigan smartfonni ishlab chiqishda shu yil chiqishi kerak bo‘lgan o‘ta yupqa iPhone 17 Air uchun yaratilgan ishlanmalardan foydalanadi.
Avvalroq Apple Ultra toifasidagi uchta premium qurilmani tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi.
Ultra sinfidagi buklanadigan iPhone, kamerali AirPods va OLED-ekranli MacBook joriy yilda taqdim etilishi mumkin.