Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan‘ning yangi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Bungacha ushbu lavozimda Abdulahad Kuchkarov faoliyat yuritib kelgan.

Xabarga ko‘ra, bosh direktor sifatida Azamat Karamatov mamlakatda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, startap va venchur ekotizimini qo‘llab-quvvatlash, IT Park rezidentlari faoliyatini muvofiqlashtirish, IT xizmatlar va mahsulotlar eksportini oshirish hamda xalqaro texnologik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha strategik vazifalar uchun mas‘ul hisoblanadi.

Shuningdek, u IT Park faoliyatining samaradorligini ta‘minlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishidagi tashabbuslarni amalga oshirishni muvofiqlashtiradi.

Shu bilan birga, IT Park Uzbekistan rahbariyatining yangi tarkibi taqdim etildi. Jumladan:

  • Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari — Radjabov Jahongir Ixtiyor o‘g‘li;
  • Rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Xudayev Lazizbek Ibrohimovich;
  • Strategik rivojlanish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Muksinova Mahliyoxon Azizjon qizi;
  • Inklyuziv rivojlanish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Miralimova Dilafruz Abdulla qizi;
  • Hududiy rivojlantirish bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari — Abdullayev A‘zam Abdushukurovich.

Azamat Karamatov haqida

U 2007−2013-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan. 2016−2018-yillarda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi bo‘lgan.

LinkedIn maʼlumotlariga ko‘ra, u universal QR-servis Rahmat, Jett.uz servisi, Semurg VC venchur fondi va Multicard Payment to‘lov tashkilotining hammuassislaridan biri hisoblanadi.

Bungacha u Aloqa Ventures venchur fondi bosh direktorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, Uzcard to‘lov tizimida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va O‘zbektelekomda turli lavozimlarda ishlagan.

Yangi lavozimga tayinlanishidan oldin Karamatov IT Park Uzbekistan huzuridagi IT Park Ventures korxonasi bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan.


Avvalroq Behzod Normatov Prezident Administratsiyasida loyiha ofisi sho‘ba mudiri bo‘lgandi.