Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, energetika, yo‘l, suv infratuzilmasi bo‘yicha 2025-yilda yo‘llangan murojaatlar 109 mingdan oshgan. Ayniqsa, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Pastdarg‘om, Sho‘rchi, Denov, G‘uzor, Qamashi, Dehqonobod, Sharof Rashidov tumanlari, Samarqand, Namangan, Termiz, Qarshi va Andijon shaharlarida infratuzilma bo‘yicha murojaatlar ko‘paygan.
Joriy yil ushbu masalalarni hal qilish bo‘yicha 20 trln so‘m berilgan. Hokimlar mazkur mablag‘larni, birinchi navbatda, eng ko‘p shikoyat tushayotgan mahallalarga yo‘naltirsa, odamlar ham rozi bo‘lishi, murojaat ham qisqarishi qayd etildi.
Xalq qabulxonasiga infratuzilma masalasida 25 mingta ariza kelib tushgan 2 mingta mahalla biror marta ham Tashabbusli budjetda loyiha joylashtirmagani aytildi.
Mutasaddilarga Xalq qabulxonasiga kelgan murojaatlarni tahlil qilib, mazkur mahallalarga loyiha qilishga ko‘maklashganida edi, bu orqali ko‘plab masalalar joyida hal qilish mumkin bo‘lgani ko‘rsatib o‘tildi.
Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64% iga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61% iga, Transport vazirligi 58% iga yechim berish o‘rniga yuzaki javob berish bilan cheklangani, umuman, bunday misollar barcha vazirliklarda borligi qayd etildi.
Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90−95%i shikoyat shaklida bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, 60−65% ga tushdi.
“Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal ko‘ryapti. Lekin muammosi hal bo‘lmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni prezidentdan so‘rayapti.
Endi bu tizim o‘zgaradi. Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak", — dedi davlat rahbari.
Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘lishi belgilandi.
Avvalroq O‘zbekistonda 2025-yilda elektr uzilishlari bo‘yicha shikoyatlar 50% ga kamaygani haqida xabar berilgandi.