O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymatini har bir hudud uchun alohida hisoblash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 12-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jurayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Mamlakatda kambag‘al oilalarni aniqlashning milliy mezoni Jahon banki bilan birgalikda ishlab chiqilgan bo‘lib, u minimal iste’mol xarajatlari qiymatini belgilash orqali amalga oshiriladi. Joriy yilda bu kishi boshiga 715 ming so‘m etib belgilandi. Shu daromaddan kam topadigan oilalar kambag‘al oilalar toifasiga kiritiladi.

1-mart holatiga ko‘ra, “kambag‘al oila” toifasidagi oilalar soni 407 mingtani, aholi soni esa 1,6 mln nafarni tashkil etadi. Ayrim oilalar reyestrga kiritilishi va undan chiqarilishi hisobiga bu ko‘rsatkich doimiy ravishda yangilanib boradi.

Daromadlarni hisoblashda nafaqat rasmiy, balki norasmiy daromadlar ham inobatga olinadi. Masalan, mehnat migratsiyasi asosida xorijda ishlayotgan, hududlarda dehqon xo‘jaligi yoki chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan aholi daromadlari nominal daromad sifatida hisobga olinadi. Marat Jurayev bu har bir hududda har xil shakllanishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, u 2026-yil oxiriga qadar hududlar kesimida aholining o‘rtacha daromadidan kelib chiqib, minimal iste’mol xarajatlarini differensiyalash bo‘yicha topshiriq berilganini qayd etdi.

kambag‘allik, minimal iste’mol xarajatlari, narxlar, bandlik, kambag‘allik chegarasi, marat jurayev

“Misol uchun, Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi fuqaroning daromadi Toshkent shahri Olmazor tumanida taksichilik qilayotgan fuqaroning daromadidan farq qiladi. To‘ppa-to‘g‘ri, minimal iste’mol xarajatlari ham hududlardan kelib chiqib farq qilishi kerak. Bu bo‘yicha Jahon banki mutaxassislari bilan ishlar amalga oshirilyapti. Yil oxirigacha hududlar kesimida minimal iste’mol xarajatlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan”, — dedi Jurayev.

Bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari 2026-yil birinchi marta minimal iste’mol xarajatlari umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichidan past darajada indeksatsiya qilinganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MIX har doim ham umumiy inflyatsiya darajasi bilan bir xil bo‘lavermaydi, chunki bu ko‘rsatkichni hisoblash inflyatsiyaning uchta asosiy tarkibiy qismi — oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar narxini indeksatsiyalash orqali amalga oshiriladi. Bunda asosiy e’tibor oziq-ovqat savatiga qaratiladi hamda MIX tarkibida uning ulushi yuqori bo‘lgani sababli indeksatsiya umumiy inflyatsiya darajasida bo‘lmasligi mumkin.

Avvalroq aholi bandligini oshirish uchun Jahon bankidan $100 mln jalb qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.