Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qarorni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Kelishuv 2025-yil 10-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan. Hujjatni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy imzoladi.

O‘zbekiston tomonidan bitimni amalga oshirish uchun mas‘ul bo‘lgan vakolatli organlar ISSV va Bojxona qo‘mitasi hisoblanadi.

TIV kelishuv kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan barcha chora-tadbirlar O‘zbekiston tomonidan bajarilganligi to‘g‘risida Afg‘oniston tomonini xabardor qilishi kerak bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi va tegishli davlat organlari hujjat shartlarining bajarilishi ustidan nazoratni ta‘minlashi kerak.

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi O‘zbekiston-Afg‘oniston kelishuvining imzolanishi 2024-yil avgust oyida e‘lon qilingan edi. Biznes-forumda ma‘lum qilinganidek, unda 14 turdagi tovarlar uchun bojlarni bekor qilish, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini berishni soddalashtirish va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Fevral oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Nuriddin Aziziy bilan onlayn muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimning kuchga kirishini tezlashtirish, investitsiya loyihalari va sanoat kooperatsiyasini ilgari surish ustida ishlashga kelishib oldilar. Ramazon oyi tugagach, Kobulda yangi qo‘shma biznes-forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Afg‘onistondagi uchta neft va gaz konida geologiya-qidiruv ishlarini boshlagani haqida yozgandi.