AQSH uchinchi davlatlarga hozir dengizdagi tankerlarda bo‘lgan sanksiyadagi Rossiya nefti va neft mahsulotlarini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berdi.

Moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bu qadam AQSH va Isroilning Eron bilan urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi ortidan keskinlashgan global energiya bozorlarini barqarorlashtirishga qaratilgan.

Vazirlik saytida e’lon qilingan litsenziyaga ko‘ra, 12-martdan boshlab kemalarga yuklangan Rossiya xom nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish hamda sotishga ruxsat etiladi. Litsenziya Vashington vaqti bilan 11-aprel yarim tungacha amal qiladi.

Bessent X ijtimoiy tarmog‘ida bu “tor yo‘naltirilgan va qisqa muddatli chora” ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, vaqtincha sanksiya yumshatilishi Rossiya hukumatiga katta moliyaviy foyda keltirmaydi, chunki bu faqat yo‘lda bo‘lgan neftga taalluqli.

Reuters xabariga ko‘ra, AQSH bu ruxsatni e’lon qilganidan so‘ng juma kuni ertalab Osiyo bozorlarida neft narxi biroz pasaydi.

Avvalroq 5-mart kuni ham Moliya vazirligi shunga o‘xshash 30 kunlik istisno joriy qilib, yo‘lda bo‘lgan Rossiya neftini Hindistonga sotib olishga ruxsat bergan edi.

Chorshanba kuni 30 dan ortiq davlat, jumladan Qo‘shma Shtatlar, strategik zaxiralaridan 172 mln barrel neft chiqarilishini e’lon qildi. Biroq AQSH va Isroilning Eron bilan urushi fonida neft narxi yana bir barrel uchun $100 darajasiga yetdi — bu ko‘rsatkich to‘rt yil avval kuzatilgan edi.

Bu o‘tgan hafta ichidagi ikkinchi keskin sakrash bo‘ldi. Birinchi sakrashda narx $120 ga ko‘tarilgan, biroq AQSH prezidenti Donald Trump Eron bilan urush tez orada yakunlanishi mumkinligini aytgach, narx pasaygan.

Narxlarning oshishiga Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokirovka qilinishi ham katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu bo‘g‘oz orqali dunyoda ishlab chiqariladigan neftning qariyb 20%i tranzit qilinadi.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa AQSH va Isroil hujumlari to‘xtamaguncha Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berish bloklanishini ma’lum qilgan.


Avvalroq Yaqin Sharq turizm sohasi mojaro tufayli kuniga $600 mlngacha yo‘qotayotgani haqida xabar berilgandi.