Markaziy bank Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida fevral oyi bo‘yicha inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.

2022-yilda umumiy inflyatsiya darajasi 12,3% ni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning fevral oyida bu 7,3% gacha pasaydi. Energiya va yonilg‘i narxlari oshishi fonida xizmatlar guruhi umumiy inflyatsiyani oshiruvchi omil bo‘lib qolmoqda.

Iste’mol savatidagi umumiy 167 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 90%i — 150 tasining yillik narxi 10% dan kamroqqa oshdi. Limon eng ko‘p qimmatlashgan (+90%) mahsulot sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda.

Undan keyingi o‘rinlarda qo‘y go‘shti (+27,4%), suyaksiz mol go‘shti (+24%) hamda suyaklisi (+22,4%), qiyma (+17,5%) ning yillik narxi yuqori bo‘ldi. O‘tgan oyda qovoq (-57,1%), baqlajon (-31%), tarvuz (-26,3%), sarimsoq (-22,9%) hamda shaftoli (22,8%) narxi eng ko‘p arzonlashdi.

Iste’mol savatidagi 252 turdagi nooziq-ovqat mahsulotlaridan 92% ining (232 tasi) yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Bu segmentda nikoh uzugi yuqori narx o‘sishini (+32,1%) saqlab qoldi.

Shuningdek, quyidagi mahsulotlar qimmatlashgan: metan — 30,3% ga, gazeta — 17,5% ga, jurnal — 15,3% ga, propan 9,7% ga, hamda sigaret 8,1% ga.

Arzonlashgan mahsulotlar qatorida yirik oshxona priborlari (-1,7%), kichik maishiy jihozlar (-1,5%), ichimlik tayyorlovchi kichik priborlar (-0,9%), kastryul (-0,8%) va shprits (-0,7%) bor.

Bu segmentda yengil avtomobillarning yillik narxi o‘zgarishsiz qolmoqda. Biroq uch g‘ildirakli velosiped (+0,7) hamda ayollar uy poyafzallari (+0,6%) narxi biroz ko‘tarilgan.

Bundan tashqari, 98 turdagi xizmatlardan 69 tasi yoki 70% ida yillik narx o‘sishi 10% dan past bo‘ldi. Fevral oyida shaxsiy transport vositalarini sug‘urtalash (+281,8%) hamda trolleybus yo‘l haqi (+100%) eng ko‘p qimmatlashdi.

Keyingi o‘rinlarda tarmoq gaz (+39,2%), haydovchilik kurslari (+38,2%) hamda sovuq suv (+35,1%) xizmatlari narxi yuqori bo‘ldi. Shu bilan birga, chiqindi tashish (+32,6%), muzey xizmatlari (+30%), suyultirilgan gaz (+25%) va tramvay yo‘l haqi (+23,3) ham oshdi.

Pul o‘tkazmalari uchun haq (-5,6%), ichki aviaqatnov (-3,5%), xususiy OTMda o‘qish (-0,5%) va mikromoliyaviy xizmatlar (-0,02%) narxlari yillik hisobda arzonlashdi. Metroda chipta haqi, aloqa xizmati uchun abonent to‘lovi, mobil internet, davlat bog‘chalari, davlat OTMlarida o‘qish va sug‘urtalash xizmatlari narxi o‘zgarishsiz qoldi.

Maishiy priborlarni ta’mirlash (+3,9%), xususiy bog‘cha (+3,8%), mebellarni ta’mirlash (+3,7%) hamda xalqaro yo‘lovchi havo tashuvi (+3,3%) xizmatlari narxi biroz qimmatlashgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasini har bir hudud uchun alohida belgilash rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.