Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur markaz kombinatning 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalaridagi ishlab chiqarish jarayonlarini muvofiqlashtirish, samaradorlikni oshirish va uzluksiz monitoringni taʼminlash bo‘yicha ishlamoqda.
Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari, katta ekranli monitoring panellari, videokuzatuv vositalari, shuningdek, Siemens PCS 7 va AVEVA PI Vision platformalari orqali maydalash, flotatsiya, quyultirish, filtrlash, reagentlar bilan taʼminlash, texnologik suv taʼminoti, sexlar va transport tizimi faoliyati real vaqt rejimida nazorat qilinmoqda.
Ushbu markazda yigirma mingdan ziyod uskuna yagona axborot tizimiga ulangan.
“Aqlli” kameralar orqali dastlabki monitoring amalga oshiriladi, sunʼiy intellekt yordamida esa anomal holatlar avtomatik tarzda aniqlanadi. Bu maʼlumotlarni yagona axborot tizimi orqali tahlil qilish va tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Prezident sunʼiy intellekt orqali, ayniqsa, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar borligini taʼkidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Shu yerning o‘zida davlat rahbariga kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yana-da raqamlashtirish bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi.




Kondan maʼdan qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilayotgani qayd etildi. Kelgusi 5 yilda har bir bosqichga sunʼiy intellekt yechimlarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.
80 yil davomida to‘plangan geologik va marksheyderlik maʼlumotlari asosida konlarni raqamlashtirish ishlarining borishi haqida ham axborot berildi. Jumladan, Raqamli kon tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yo‘nalishlarini belgilash imkonini bermoqda.
Sunʼiy intellekt asosida karyer yo‘llari holati nazorat qilinmoqda, samosval shinalarining bosimi va harorati datchiklar orqali kuzatib borilmoqda. Ana shunday doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14% ga oshirilgan.
Sohada zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni yangi ish usullari va raqamli yechimlar asosida o‘qitish ustuvor vazifalardan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Patent ishlari ko‘lamini kengaytirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Fabrikadagi har bir bosqichda qo‘llanilayotgan ilmiy-texnologik yechimlarni patentlash, bu borada vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli innovatsion yo‘nalishlarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.
2026-yilda qaysi istiqbolli yo‘nalishlarda yana qancha patent olish mumkinligi yuzasidan aniq yondashuvlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq O‘zbekistonda $2,5 mlrdlik yangi mis eritish zavodi qurilishi haqida xabar berilgandi.



