Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimi o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami arafasida mamlakatda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida ko‘plab yirik loyihalar ishga tushirilayotgani qayd etildi.
“Bu ishlarimizning barchasi bir maqsadga — iqtisodiyotimizni yana-da rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish va albatta xalqimizning turmush farovonligini yana-da oshirishga qaratilgan.
Bugun ishga tushayotgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shu keng ko‘lamli ishlarimiz va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati namunasi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz", — dedi prezident.
Qiymati $2,7 mlrdlik ushbu loyiha mamlakat sanoat qudratini yana-da mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua ekani ta‘kidlandi.
Avval qimmatbaho va rangli metallarni qazib olish bilan 2 ta kombinat shug‘ullangani aytildi. Konlarni investorlarga berish bo‘yicha shaffof tizim yaratilgani hisobiga 9 yilda $10 mlrd xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Mustaqillikning dastlabki 25 yilida oltin qazib olish hajmi 63 tonnadan 87 tonnaga yoki 24 tonnaga oshgan bo‘lsa, so‘nggi 9 yilda bu yana 31 tonnaga ko‘payib, o‘tgan yili 118,4 tonnaga yetkazildi.
Xuddi shunday 2016-yildan buyon kumush ishlab chiqarish 1,6 barobar, uran 2,1 barobar, mis 1,4 barobarga oshirilishiga erishildi. Natijada sohada ishlab chiqarish 1,7 barobar o‘sib, o‘tgan yil 270 trln so‘mga yetdi.
Yuqori daromadli eng ko‘p ish o‘rinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda ekani ta‘kidlandi. Bugun ekskavator mashinisti 30 mln so‘mgacha, burg‘ilash mutaxassislari va katta samosval haydovchilari 40 mln so‘mgacha, geolog va marksheyderlar 70 mln so‘mgacha maosh olmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yil boshidan 11 ta yangi neft-gaz qudug‘i ishga tushirilgani haqida yozgandi.