Avvalroq prezident ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda qiymati $2,5 mlrdlik yangi mis eritish zavodini barpo etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani e‘lon qilindi. Mazkur korxonada ham mingdan ziyod ish o‘rinlari bo‘ladi.
Mis eritish zavodi hamda 3-mis boyitish fabrikasi hisobiga mis katodi ishlab chiqarishning yillik hajmi 300 ming tonnaga, oltin 33 tonnaga, kumush 203 tonnaga, molibden 1,7 ming tonnaga yetadi.
Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo bo‘lgan sulfat kislotasi ishlab chiqarish 3 karra oshadi. Bu yiliga kombinatga qo‘shimcha $5 mlrd tushum degani.
Prezident kombinat bo‘yicha hali rejalar katta ekanini ta‘kidladi. Yuqorida aytilgan ko‘rsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-mis boyitish fabrikasi bo‘yicha loyihaoldi ishlari faol ketayotgani qayd etildi.
Ushbu yangi loyihalar ishga tushganida Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylanadi.
O‘zbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazish maqsad qilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan $22 mlrdlik loyihalar doirasida yoshlar uchun 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi qayd etildi.
“Hozir respublika faollariga murojaat qilmoqchiman. Yoshlarga yetkazinglar: o‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin!” — dedi prezident.
Ishga tushirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi O‘zbekistonning tog‘-kon va metallurgiya sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlat rahbari fabrika faoliyatiga start berdi.
Spot, avvalroq, Yoshlik-1 va Qalmoqqir konlaridagi mis va oltin zaxiralari 100 yilga yetishi haqida yozgandi.