Bojxona nazorati jarayonlarini rasmiylashtirish uchun yangi hujjatlar shakllari tasdiqlandi. Tegishli qaror Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Tovarlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish, ularni omborga tushirish hamda bojxona nazorati va tovarlar harakatini hisobga olish jarayonlarini aniq va shaffof hujjatlashtirish maqsadida yangi bojxona hujjati shakllari joriy etildi.
Jumladan, tovar va transport vositalarini tekshirish natijalarini rasmiylashtirish uchun bojxona ko‘rigi dalolatnomasi tasdiqlandi. Shuningdek, jismoniy shaxslarning qo‘l yuki va bagajlarini tekshirish bo‘yicha alohida bojxona ko‘rigi dalolatnomasi ham maʼqullandi.
Bundan tashqari, deklarant tomonidan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oldin ko‘zdan kechirish yoki o‘lchash uchun elektron murojaatnoma joriy etildi.
Yuklarni bojxona omboriga bojxona organi xodimining ishtirokida yoki uning ishtirokisiz tushirish bo‘yicha maxsus dalolatnomalar shakllari ham tasdiqlandi.
Mazkur hujjatlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.
Endilikda avtomobil transportida yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati uchun litsenziyaga ega bojxona tashuvchilarining Davlat bojxona qo‘mitasiga bojxona tashuvchilari reyestriga kiritish uchun murojaat qilish talabi bekor qilindi.
Shu bilan birga, bojxona tashuvchilari reyestriga kiritish uchun ariza shakli ham bekor bo‘ldi.
Avvalroq fuqarolar bojxona deklaratsiyalarini ilova orqali elektron topshirishlari mumkin bo‘lishi haqida xabar berilgandi.