Avvalroq prezident OKMKga tashrif doirasida tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Unda sohada amalga oshirilayotgan $22 mlrdlik loyihalar doirasida 38 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, jumladan, 7,5 ming muhandis va 14 ming o‘rta bo‘g‘in mutaxassislariga ehtiyoj paydo bo‘lishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan sohadagi oliy taʼlim muassasalari va texnikumlar faoliyatini yangi talablar asosida tashkil etish, taʼlim dasturlarini zamonaviy texnologiyalarga moslashtirish, dual taʼlimni keng joriy etish, diplom ishlarini bevosita ishlab chiqarish vazifalari bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, oliygohlardagi ilmiy tadqiqotlarni kombinatlardagi amaliy texnologik yechimlarga yo‘naltirish, ilmiy ishlar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish, talabalar uchun o‘quv-mashg‘ulot poligonlarini tashkil qilish, sanoat korxonalarida sexlarni amaliyot va tadqiqotlar uchun moslashtirish vazifalari belgilandi.
Yangi loyihalar doirasidagi dolzarb ilmiy mavzular ro‘yxatini ochiq eʼlon qilish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Bu tadqiqotlarda sohadagi 5 ta oliygoh bilan bir qatorda texnika yo‘nalishidagi barcha davlat, xususiy oliygoh va ilmiy tashkilotlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
Yig‘ilish yakunida tog‘-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz kabi bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida Prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuzilishi maʼlum qilindi.
Ushbu kengash doirasida yirik korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellektni joriy etish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha oylik ish rejalari tasdiqlanadi.
Mutasaddi rahbarlarga ushbu rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari bo‘yicha hisobot kiritib borish topshirildi.
Avvalroq prezident OKMKdagi Raqamlashtirilgan boshqaruv markazini borib ko‘rgani haqida xabar berilgandi.