Hukumat komissiyasi Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi bir qator obyektlarda bo‘lib, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda komissiya Telegram-kanalida xabar berildi.
Loyihalarni ishga tushirish va ularning to‘liq quvvatda faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan infratuzilmaviy hamda moliyaviy masalalar ko‘rib chiqildi.
Yangi Avlod maxsus sanoat zonasida JAC avtomobillarini ishlab chiqarish, DPW Tashkent logistika terminalini tashkil etish, Health Line bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihalari hamda zonaning umumiy rivojlanish dinamikasi o‘rganildi.
Taʼkidlanishicha, ushbu zonaga $835 mln sarmoya kiritilishi va 9 mingta ish o‘rni yaratilishi e‘lon qilingan.
Hududdan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuri hamda 110 kV elektr tarmoqlarini ko‘chirish ishlarini jadallashtirish, shuningdek tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish vazifa hisoblanadi.






Qiymati $135 mln bo‘lgan, yiliga 30 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega JAC Motors Tashkent korxonasi loyihasi alohida ko‘rib chiqildi. Bunda birinchi bosqich 2026-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Kutilayotgan eksport hajmi $5 mlnni tashkil etadi.
Qiymati $288 mlnlik DPW Tashkent korxonasi loyihasi doirasida multimodal logistika terminali va “A” toifali avtomatlashtirilgan ombor tizimini yaratish rejasi taqdim etildi.
Loyiha yiliga 157 mingta konteyner aylanmasini ta‘minlash, 60 ming kvadrat metr ombor maydonlarini yaratish va 345 ta ish o‘rni tashkil etishni nazarda tutadi.
Shuningdek, qiymati $50 mlnlik Health Line korxonasi tomonidan bir martalik tibbiy buyumlar ishlab chiqarish loyihasi ham taqdim etildi. Loyiha doirasida yiliga 1,4 mlrd dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy korxona barpo etilishi va 520 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Komissiya tumanda joylashgan, qiymati $25 mlnlik olovbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Ogneupor korxonasi hamda Yangi Hayot industrial texnoparkidagi Comfi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha Accord Vision loyihasini ham borib ko‘rdi.
Gaz va elektr ta‘minoti, kredit ajratish hamda kompensatsiya to‘lovlarini bosqichma-bosqich tartibga solish masalalari yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.
2023-yilnig yozida JAC Motors kompaniyasi Qashqadaryoda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligi aytilgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda barcha modeldagi avtomobillarni ishlab chiqarish oshgani haqida xabar berilgandi.





