Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif doirasida tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yil uchun tarmoqda 90 ta loyiha doirasida $2,2 mlrd investitsiya jalb qilish, 172,5 ming tonna mis, 120 tonna oltin, 210,5 tonna kumush va 8 ming tonna uran ishlab chiqarish vazifalari belgilangani qayd etildi.

Shu bilan birga, bir qator konlar va obyektlar bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni tez fursatda yakunlash, ekspertiza jarayonlarini soddalashtirish bo‘yicha qabul qilingan yangi qaror imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Hukumatga ushbu loyihalar doirasidagi tashkiliy va huquqiy masalalarni qisqa muddatda hal qilish topshirildi.

Energetika resurslariga bo‘lgan talab ortib borayotgan sharoitda ko‘mir qazib chiqarish va uni qayta ishlash loyihalarini jadallashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Aholi va sanoat korxonalariga ko‘mir yetkazib berish hajmini oshirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyati doirasida Muruntov konini kengaytirishning navbatdagi bosqichi, yangi konlarni o‘zlashtirish, murakkab rudalardan oltin ajratib olish texnologiyalarini joriy etish topshirildi.

Shuningdek, ayrim yirik loyihalar bo‘yicha investorlar bilan hamkorlik mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Metallurgiya yo‘nalishida O‘zmetkombinatda ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki xomashyo bazasidan samarali foydalanish, raqobatbardosh mahsulot turlarini ko‘paytirish, bozor talabiga mos metall listlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bu borada xomashyo taʼminoti, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha aniq choralar belgilandi.

Yig‘ilishda Texnologik metallar kombinati faoliyatiga ham to‘xtalinib, sanoat uchun muhim metallar va murakkab qotishmalar ishlab chiqarishni kengaytirish, selen, tellur, kukun metallurgiyasi detallari va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Tarmoq korxonalarida tannarxni pasaytirish va xarajatlarni qisqartirish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Mutasaddilarga bir birlik mahsulot tannarxini qisqartirish, energiya sarfini kamaytirish, resurslardan tejamkor foydalanish va oyma-oy aniq natijalarga erishish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqish topshirildi.

Davlat xaridlari va kooperatsiya sohasida mahalliy komponentni kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Shu bois, mutasaddilarga loyihalar va xaridlarda mahalliy komponent ulushini joriy yilda $2 mlrddan oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar belgilab berildi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini kuchaytirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash, yangi kon va investitsiya bloklarini investorlarga taklif qilish, uglevodorodga istiqbolli maydonlarni iqtisodiyotga jalb etish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda joriy yilda oltin, kumush, mis, uran va rux zaxiralarini sezilarli oshirish vazifasi qo‘yildi.

Spot, avvalroq, OKMKda qiymati $2,7 mlrdlik 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani haqida yozgandi.