BAA havo hududining qisman yopilishini 23-martgacha uzaytirdi, deya xabar berdi TACC nashri.

Havo hududi 23-mart, Moskva vaqti bilan soat 15:00 (Toshkent vaqti bilan soat 17:00 — Spot) gacha yopiq bo‘ladi, deb yozadi nashr dispetcherlar ma’lumotlariga tayanib.

Mahalliy aeroportlarga parvoz qilish va u yerdan qaytish uchun oltita yo‘nalish ajratilgan — Ummon va Saudiya Arabistoniga uchib borish yoki ushbu mamlakatlardan uchib kelish mumkin.

16-martga o‘tar kechasi “uchuvchisiz uchar qurilma bilan bog‘liq hodisa” tufayli Dubay aeroporti o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqib, yoqilg‘i idishi yonib ketgan. Yong‘in qurshab olingan, qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

BAA havo hududining qisman yopilishi munosabati bilan Toshkentdan Dubayga uchgan reyslar jo‘nash aeroportiga qaytgani haqida xabar berilgandi.

Xususan:

  • Centrum Air’ning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha C6−351 reysi Toshkent xalqaro aeroportiga;
  • Uzbekistan Airways’ning Toshkent-Dubay yo‘nalishi bo‘yicha HY-333 reysi ham jo‘nab ketish aeroportiga qaytarildi.

Flightradar24 portaliga ko‘ra, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY-333 reysi Tojikistan havo hududi ustida ortga qayrilib, jo‘nash aeroportiga qaytgan.

Centrum Air aviakompaniyasining C6−351 reysi esa deyarli Dubay aeroportiga yetib kelgan, biroq Pokistan havo hududining janubiy qismida ortga qayrilgan.

O‘zbekiston 10-martdan BAA va Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlarni tiklashga ruxsat bergandi.

Transport vazirligi ikki tomonlama yo‘lovchi tashuvlarini tashkil etishga ruxsat berib, ularning turi va fuqaroligi bo‘yicha ilgari kiritilgan cheklovlarni bekor qildi.

11-martdan boshlab Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi qatnovlarga aviachiptalar sotuvi ochilganini e’lon qildi. Yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi.

14-martdan e’tiboran Centrum Air xususiy aviakompaniyasi Toshkent-Dubay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ydi.