O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Vazir Laziz Kudratov 15-mart kuni Iordaniya sanoat, savdo va ta‘minot vaziri Yarub Quda bilan muzokara o‘tkazdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning joriy holati hamda uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, farmatsevtika tarmog‘i, raqamli tibbiyot sohasida zamonaviy yechimlarni joriy etish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga e‘tibor qaratildi.

Hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari hamda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha muzokaralar jarayoni ko‘rib chiqildi.

Mazkur hujjatning imzolanishi o‘zaro mahsulot yetkazib berishni kengaytirish, ishbilarmonlik faolligini oshirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirishga hamda ikki tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yili O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 79,2% ga oshdi. O‘zbekistonda Iordaniya kapitali ishtirokidagi 18 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Fevral oyida O‘zbekiston-Iordaniya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Avvalroq O‘zbekiston Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilgandi.