Jahon banki O‘zbekistonga $10,6 mln miqdorida grant ajratishni ma’qulladi.
Ushbu mablag‘lar eskirgan gaz uzatish infratuzilmasidagi sizib chiqish holatlarini kamaytirish hamda mamlakatdagi uy xo‘jaliklari va sanoat korxonalarini ta’minlash uchun tabiiy gazni tejashga yo‘naltiriladi.
Bunda “O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish” loyihasi doirasida O‘ztransgaz kompaniyasi tomonidan boshqariladigan gaz uzatish tarmoqlarida sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish jarayonlarini yo‘lga qo‘yishga yordam beriladi.
Loyiha Jahon bankining yo‘ldosh neft gazini yoqish va metan chiqindilarini kamaytirish (Global Flaring and Methane Reduction, GFMR) trast jamg‘armasining grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Uning doirasida 2029-yilgacha ta’mirlash ishlari orqali iste’molchilar va tadbirkorlik subyektlariga yetkazib beriladigan qariyb 47,5 ming tonna gaz sizib chiqishining oldini olish rejalashtirilgan.
Gaz yo‘qotishlarining kamayishi, shuningdek, taxminan $18 mln miqdorida mablag‘lar tejalishini ta’minlaydi. Ushbu mablag‘larning katta qismi sizib chiqishni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
GFMR tomonidan taqdim etilgan grant mablag‘lari gaz yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha uzoq muddatli chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi maxsus jamg‘arma orqali moliyalashtiriladi.
Jamg‘arma loyiha doirasida tejalgan gazni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan to‘ldiriladi va O‘ztransgaz'ning gaz uzatish infratuzilmasidagi sizib chiqishlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha ishlarni moliyalashtiradi.
Loyiha, shuningdek, gaz sizib chiqishini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish uchun kompaniyaga zamonaviy uskunalar sotib olish va xodimlarni o‘qitishga sarmoya kiritishni nazarda tutadi.
Shuningdek, O‘ztransgaz'ga tabiiy gazning asosiy komponenti bo‘lgan metan emissiyasi bo‘yicha hisobot va o‘lchashning xalqaro standartlarini joriy etishda ko‘maklashiladi.
Avvalroq Jahon banki Markaziy Osiyo uchun $3,2 mln miqdorida grant ajratishi haqida xabar berilgandi.
Ushbu mablag‘ mintaqaviy elektr energiyasi bozorini yaratish bo‘yicha dastlabki qadamlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.