Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan reklama brend samaradorligi bo‘yicha an’anaviy reklamadan ko‘ra pastroq natijalar ko‘rsatmoqda.
Bunday xulosa Kantar va iMotions kompaniyalari tomonidan o‘tkazilgan “Sun'iy intellekt yordamida yaratilgan reklama: odamlar bunga qanday munosabat bildiradi?” nomli tadqiqotda keltirilgan.
Tahlil generativ vositalar yordamida yaratilgan 356 ta videorolikni va 2024-yil oxiridan 2025-yil boshigacha to‘plangan an’anaviy reklamalardan iborat nazorat guruhini o‘z ichiga oldi.
Integral indeks — ya’ni brendning tanilishi va atributsiyasi bo‘yicha — generativ sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan reklama an’anaviy reklamaga nisbatan o‘rtacha 54% natija ko‘rsatdi (an'anaviyniki — 65%).
Garchi natijalar orasidagi tafovut katta bo‘lsa-da, bu farq statistik jihatdan ahamiyatlidir: ayrim SI-roliklar o‘rtachadan yuqori natijalarni namoyish etgan bo‘lsa, klassik e’lonlarning bir qismi ortda qolgan.
Tomoshabinlar mimikasini tahlil qilish hissiy qatlamni aniqladi. Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan reklama kuchliroq emotsiyalarni uyg‘otgan (71% ga qarshi 59%), biroq ular ko‘proq salbiy bo‘lgan — tomoshabinlarda hayrat, qayg‘u yoki bezovtalik kuzatilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, bunga “mantiqsiz ko‘rinadigan, chalg‘ituvchi yoki syujetni buzadigan vizual elementlar” sabab bo‘ladi.
Asosiy farq sun’iy intellekt qo‘llanilgani sezilib turgan va u tabiiy tarzda singdirilgan roliklar o‘rtasida aniqlandi. Agar tomoshabin tasvir sun’iy yaratilganini payqasa, qoniqish darajasi 57% gacha tushadi. Texnologiya obrazlar tuzilishi va uslubiyatiga yashirin bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 69% gacha ko‘tariladi.
Brendga jalb etilganlik darajasi ham pasaygan: an’anaviy reklamadagi 62%ga qarshi 49%. Tadqiqotchilar buni neyrotarmoqlar qo‘lda kiritilmasa, ko‘pincha brend elementlarini hisobga olmasligi bilan izohlaydi.
Istisnolar kamdan-kam uchraydi — ular orasida Coca-Cola'ning mashhur “Holidays Are Coming” Rojdestvo kampaniyasining sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ikki talqini bor.
Brending (ranglar, shisha idish, shior, bayramona muhit) aniq aks ettirilgani tufayli ushbu roliklar Kantar ma’lumotlar bazasida eng yaxshilar qatoridan joy oldi. Ayniqsa, hayvonlar ishtirokidagi talqin juda muvaffaqiyatli chiqqan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda sunʼiy intellektdan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlangani haqida yozgandi.
Hujjat sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda amal qilinishi kerak bo‘lgan tamoyillar, talablar hamda ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.