Endi ko‘chmas mulk va ayrim transport vositalari oldi-sotdisida hisob-kitoblar naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur tartib prezident farmoniga (PF-246-son) muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi hisob-kitob mexanizmlarini belgilash, shuningdek, bitimlarni rasmiylashtirishda axborot xavfsizligi va ma‘lumotlar ishonchliligini ta‘minlashga qaratilgan.

2026-yil 1-apreldan ko‘chmas mulk, shuningdek, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifadagi transport vositalari hamda maxsus avtotransportlar oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda yangi tartib joriy etiladi.

Unga ko‘ra, taraflar o‘rtasidagi hisob-kitoblar amalga oshirilgani notarius va banklar o‘rtasida elektron ma‘lumot almashish orqali aniqlanadi. Endilikda notariuslar bitimlarni banklar tomonidan taqdim etilgan elektron ma‘lumotlar asosida tasdiqlaydi.

Hisob-kitoblar eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi. Bunda xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.

Shundan so‘ng bank tomonidan shartnomada kelishilgan pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘iga kiritiladi. Agar shartnoma to‘lovni kechiktirish sharti bilan tuzilsa, eskrou hisobvarag‘iga kelishilgan boshlang‘ich mablag‘ kiritiladi.

Bitim to‘liq yoki qisman kredit mablag‘lari asosida amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank tomonidan notariusga elektron ma‘lumot yuboriladi.

Shuningdek, xaridor yoki uning vakilining bankdagi hisobvaraqlari (bank kartasi, talab qilib olinguncha hisobvaraq, elektron hamyon) eskrou hisobvaraq sifatida qo‘llanilishi mumkin.

Taraflar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi. Notarius eskrou hisobvarag‘ida mablag‘lar mavjudligini elektron shaklda tekshiradi va shundan so‘ng shartnomani tasdiqlaydi.

Shundan keyin pul mablag‘lari sotuvchi yoki uning vakilining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Ularning so‘roviga ko‘ra, ushbu mablag‘lar naqd shaklda ham berilishi mumkin.

Naqdsiz hisob-kitob

2024-yilning aprel oyida e’lon qilingan prezidentning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qarori loyihasi bilan ulgurji savdoni to‘liq naqd pulsiz hisob-kitobga o‘tkazish taklif qilingandi.

Loyiha bilan 2024-yilning 1-mayidan uy-joy, ko‘chmas mulk va avtomobil savdosi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirilishi belgilanib, mazkur operatsiyalar doirasida komissiya to‘lovlari bekor qilinishi nazarda tutilgandi.

2025-yilning iyun oyida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgani, u naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirishga qaratilganini ma’lum qildi.

Dekabr oyiga kelib prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagandi. Unda 1-apreldan avtomobil va ko‘chmas mulk uchun to‘lovlar faqat naqd pulsiz amalga oshirilishi belgilangandi.


Spot, avvalroq, yang tizim ko‘chmas mulk bozori uchun nimani anglatishi va buning natijasida uylar narxi oshishi haqida yozgandi.