Qonunchilik palatasida korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat bilan “Reklama to‘g‘risida"gi qonun ga bir qator qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, kreditlar va mikroqarzlar reklamasida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida majburiy ogohlantiruvchi matn joylashtirilishi shart etib belgilanmoqda.
Shuningdek, bunday ogohlantirish reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10% ini egallashi lozim bo‘ladi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi moliyaviy xizmatlar reklamasini yana-da tartibga solish, aholining kreditga oid xatarlar haqidagi xabardorligini oshirish hamda mas‘uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Muhokamalar jarayonida deputatlar ayrim normalar yuzasidan qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar bilan murojaat qildi.
2025-yilning sentabrida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i Bahodir Mirzayev kreditlarni reklama qilishda xatarlar haqida ogohlantirish berish taklif etilayotganini Spot’ga ma’lum qilgandi.
Regulyator “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga iste’molchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni taklif etdi. Reklamada kelajakdagi xarajatlar va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarning kechiktirilishi kredit tarixini buzib, yangi kreditlar olishni qiyinlashtirishi yoki ularning shartlarini yomonlashtirishi mumkin. Bu o‘z navbatida foiz stavkasining oshishiga ham olib keladi.
Oktabr oyida esa Raqobat qo‘mitasi kredit reklamalarida uning oqibatlari haqida ogohlantirishlar berish majburiyatini joriy etishni taklif qilgandi. Bu aholining moliyaviy xabardorligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilgani qayd etilgan edi.
Spot, avvalroq, kredit kafilligi va muddati o‘tgan to‘lovlar bo‘yicha ma‘lumotlarni onlayn tekshirish mumkinligi haqida yozgandi.