Toshkent shahrida FVB xodimi, Farg‘onada esa Energosavdo muhandisi ushlandi, deb xabar berdi DXX.
Taʼkidlanishicha, poytaxt FVBning Yunusobod tuman boshqarmasi inspektori Olmazor tumanidagi xususiy klinikaning yong‘inga qarshi holati bo‘yicha ijobiy xulosa olib berishni vaʼda qilgan.
U mazkur ishni vakolatli hamkasblari orqali qilmoqchi bo‘lgan va fevralda klinika rahbaridan 6,5 mln so‘m olgan.
Ammo inspektor turli bahonalar bilan vaʼdasini bajarmagani uchun fuqaro undan pullarini qaytarishni talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor muqaddam olgan pullarini qaytarib berayotganda ushlandi.
Shuningdek, Farg‘onada Energosavdo muhandisi jarimani kamaytirib berish evaziga $10 ming talab qildi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi Energosavdo filiali Farg‘ona bo‘linmasi muhandisi fuqaroga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha hisoblangan 1,8 mlrd so‘m jarimani kamaytirishni vaʼda qilgan.
U jarimani 210 mln so‘mga tushirib berish evaziga $10 ming so‘ragan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandis so‘ralgan puldan $9 mingni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Bo‘kada soliqchi 10 mln so‘m olayotganda ushlangani haqida xabar berilgandi.