Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasini ma‘qulladi.

Ta‘kidlanishicha, hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar takliflari hamda tegishli vazirlik va idoralarning fikrlari asosida ayrim normalar aniqlashtirildi.

Qonun loyihasi bilan telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internet orqali haqorat qilish, so‘kinish, jamoat tartibini buzuvchi xatti-harakatlar uchun ma‘muriy javobgarlik joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, harbiy harakatlarda ishtirokni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish hamda shaxsning o‘zi sodir etgan huquqbuzarligini ommaviy ravishda yoyish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, ijro harakatlari davomida xatlangan mulk bilan bog‘liq qonunga xilof harakatlar uchun ham ma‘muriy choralar belgilanmoqda.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlash va jamoat xavfsizligini ta‘minlashga xizmat qilishini ta‘kidladi.

Qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.

Fevral oyida deputatlar bu bo‘yicha qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.

“Milliy tiklanish” fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalar internetda haqorat qilish uchun 5 mln so‘mgacha jarima yoki 10 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini nazarda tutishini maʼlum qilgandi. Uning aytishicha, fraksiya ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan.


Avvalroq kredit va mikroqarzlar reklamasida ogohlantirish joriy etilishi haqida xabar berilgandi.