Agar Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro iyun oyigacha davom etsa, o‘tkir ocharchilikdan aziyat chekayotganlar soni yana 45 mln kishiga oshishi mumkin. Bu haqda BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) ijrochi direktorining o‘rinbosari Karl Skau ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu esa dunyo bo‘ylab oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekayotganlar sonini 318 mln kishiga yetkazadi.
“Agar bu ziddiyat davom etsa, butun dunyoda larzalar yuzaga keladi va shundoq ham oziq-ovqatga qurbi yetmaydigan oilalar eng ko‘p jabr ko‘radi”, — dedi JOD ijrochi direktori o‘rinbosari va bosh operatsion direktori Karl Skau.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovining deyarli butunlay to‘xtatilishi va Qizil dengizda dengiz harakati uchun ortib borayotgan xavf-xatarlar allaqachon energiya, yoqilg‘i va o‘g‘itlar narxining oshishiga olib kelmoqda, bu esa Yaqin Sharqdan tashqarida ocharchilikni kuchaytirmoqda.
Mojaro uzoq davom etadigan oqibatlarga ega bo‘lib, dunyo aholisining eng zaif qatlamlari uning oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘radi.
JOD tahliliga ko‘ra, oziq-ovqat va yoqilg‘i importiga qattiq bog‘liq bo‘lgan Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlari hamda Osiyoning ayrim qismlari eng zaif hududlarga aylanadi.
Qayd etilishciha, G‘arbiy va Markaziy Afrikada oziq-ovqat tanqisligini boshdan kechirayotgan odamlar soni 21% ga, Sharqiy va Janubiy Afrikada esa 17% ga oshadi. Osiyo uchun 24% ga o‘sish prognoz qilinmoqda.
Masalan, Sudan bug‘doyning qariyb 80%ini import qiladi — bu asosiy oziq-ovqat mahsuloti narxining oshishi ko‘plab oilalarda ocharchilikka olib keladi.
Kuchli qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan Somalida, mahalliy ma’lumotlarga ko‘ra, mojaro boshlanganidan beri ba’zi zaruriy tovarlar narxi kamida 20% ga oshgan.
Ikkala mamlakat ham yuqori darajadagi oziq-ovqat beqarorligini boshdan kechirmoqda va so‘nggi yillarda ocharchilikni ham boshdan kechirdi.
Ushbu inqiroz Jahon oziq-ovqat dasturining jiddiy moliyaviy taqchilligi fonida yuzaga keldi, bu esa barcha qit’alarda dasturlarning ustuvor yo‘nalishlarini sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi, natijada yordamga muhtoj odamlar yordamsiz qolmoqda.
Resurslarning ko‘payishi bilan birga davom etmaydigan oziq-ovqat beqarorligining yanada kuchayishi allaqachon ocharchilik xavfi ostida bo‘lgan dunyoning eng zaif mamlakatlari uchun falokatga aylanishi mumkin.
Avvalroq Spot Samsung mobil bo‘linmasini xotira chiplari tanqisligi va Yaqin Sharqdagi mojaro sababli logistika zanjirlarining buzilishi sabab “inqiroz rejimi"ga o‘tkazgani haqida yozgandi.