OpenAI kompaniyasi bosh direktori Sem Altman sun’iy intellekt (SI) bozorini isloh qilish, texnologiyalardan foydalanishni asosiy kommunal xizmatga aylantirish taklifi bilan chiqdi.
Altman sun’iy intellekt uchun elektr energiyasi yoki suv bilan bir xil — foydalanish hisoblagichi ko‘rsatkichlari asosida to‘lanadigan modelni taklif qildi.
Windows Central nashrining yozishicha, ushbu bayonot yetakchi sun’iy intellekt laboratoriyalari o‘z infratuzilmasini saqlab qolish uchun ulkan mablag‘larni sarflayotgani, ayni paytda esa daromadlilik istiqbollari noaniqligi sababli investorlarning sohaga qiziqishi susayib borayotgani haqidagi xabarlar fonida yangradi.
Masalan, bozor peshqadamining moliyaviy ahvoli tahlilchilarda xavotir uyg‘otmoqda. Yanvar oyidagi hisobotga ko‘ra, OpenAI 2026-yilda $14 mlrd miqdorida zarar ko‘rishi mumkin, bu esa 2027-yil o‘rtalariga kelib uning bankrot bo‘lishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
ChatGPT’ning yillik daromadi taxminan $13 mlrdni tashkil qilsa-da, infratuzilma, tadqiqotlar va xodimlarni yollash xarajatlari yuqoriligicha qolib, $1,4 mlrdga yetmoqda.
Bundan tashqari, o‘qitish uchun sifatli ma’lumotlar va hisoblash quvvatlari tanqisligi sababli sun’iy intellektni kengaytirish o‘z chegarasiga yetgan, degan xavotirlar ham mavjud.
Hozirgi vaqtda OpenAI pullik obunalar va integratsiyalashgan reklamaga ega bepul foydalanish imkoniyatini (hozircha faqat AQSHda) o‘z ichiga olgan aralash monetizatsiya modelidan foydalanmoqda.
Kommunal xizmatlar kabi hisob-kitob asosida to‘lovga o‘tish esa moliyaviy muammolarni hal qilish yo‘li bo‘lishi mumkin.
Altmanning ta’kidlashicha, SIga talab juda tez oshmoqda, kelajakda xizmat shunchalik arzon bo‘lishi kerakki, uni hatto hisoblashning o‘zi kerak bo‘lmasin.
Ammo haqiqat boshqacha bo‘lishi mumkin: SI mashinalari quvvati cheklangan resursga aylanadi, bu esa kompaniyalarni tokenlar narxini oshirishga yoki yuqori talabni qondira olmaslikka majbur qiladi.
Avvalroq Sem Altman sun’iy intellektni nazorat qilish bo‘yicha xalqaro organ tuzishni taklif qilgandi.
Uning fikricha, bunday mexanizm texnologiyalarning jadal rivojlanishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarga o‘z vaqtida javob berish imkonini beradi.