Markaziy bank boshqaruvi 2026-yil 18-martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqatlar narxlarining oshishi hisobiga umumiy inflyatsiyaning pasayish sur’ati sekinlashdi. 2026-yil boshidan inflyatsion jarayonlar muayyan tezlashib, fevral oyida bazaviy inflyatsiya yillik 6,3% ni tashkil etdi, umumiy inflyatsiya esa mavsumiy omillar ta’siri kamayishi hisobiga 7,3% darajasida shakllandi.

Oziq-ovqatlar narxlaridagi o‘sish natijasida inflyatsion kutilmalar yuqori saqlanib qolmoqda. Iqtisodiyotda faollik yalpi talab hisobidan yuqori bo‘lishi chakana va ulgurji savdo aylanmasi, ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni hamda budjet xarajatlari ijrosida kuzatilmoqda. Bu sanoat, xizmatlar va qurilish sohalarida o‘sishning barqaror davom etishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Mazkur davrda ishlab chiqaruvchilar narxlarining sezilarli o‘sishi kuzatildi. Yuqori talab fonida bu kelgusi davrlarda ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining yakuniy narxlarga o‘tib borishi va ularning iste’mol narxlarida aks etishi ehtimolini oshiradi.

Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi ham narxlarga oshiruvchi xatarlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, global ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar natijasida jahon bozorida energiya va oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, logistika kanallaridagi o‘zgarishlar tufayli tashish xarajatlarining ortishi kuzatilishi mumkin. Bu esa kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosimlarning shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Asosiy savdo hamkorlari valyutalarining nisbatan barqaror shakllanishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar yaxshilanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari o‘sishining barqaror davom etishi milliy valyutaning real almashuv kursiga nisbatan sezilarli bosimlar yuzaga kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank iqtisodiyotda kreditlash bosqichma-bosqich me’yorlashayotganini qayd etdi. Pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi iste’mol kreditlari segmentida makroprudensial choralarning qo‘llanilishi hamda yalpi talab mutanosibligini ta’minlashga xizmat qiladi va narxlarga bo‘lgan ortiqcha bosimni pasaytiradi.

Regulyator narxlar barqarorligini ta’minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettiradi. Kelgusida ham inflyatsiya dinamikasi, inflyatsion kutilmalar, yalpi talab va tashqi xatarlar diqqat bilan kuzatib boriladi. Inflyatsiya target darajasiga erishishining kechikishi xatari paydo bo‘lgan taqdirda pul-kredit sharoitlari yanada qat’iylashtirilishi mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda bir yilda eng ko‘p qanday tovar va xizmatlar qimmatlashgani haqida yozgandi.