Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Samarqandga tashrif buyurib, dastlab Yoshlar kreativ parkini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Yashil makon loyihasi doirasida viloyatda har yili 16 mln tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Joriy yil bahorgi mavsumda ham 6,3 mln tup mevali va manzarali daraxt, buta ko‘chatlari o‘tqazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy gospital o‘rnidagi 5,4 gektar maydonda ham 70 mlrd so‘mdan ortiq homiylik mablag‘lari hisobidan Yoshlar kreativ shaharchasi va jamoat bog‘i tashkil etildi.
Bu yerda madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga olingan 5 ta bino va inshoot bo‘lib, endilikda ulardan yoshlar uchun zamonaviy va raqamli kutubxona, ko‘p tarmoqli o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sunʼiy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport o‘yinlari markazlari sifatida foydalaniladi. Axborot-resurs markazi, sport zallari, yer osti ekomuzeyi tashkil etildi.
Shaharcha yoshlarning IT sohasi va sport bilan shug‘ullanishi, startap loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan.
Bog‘da bolalar attraksionlari, fitness zallari, stol tennis zali, tennis kortlari, vorkaut va mini golf maydonlari barpo etilgan. Hududda Nuroniylar maskani, o‘ndan ortiq ayvonchalar qurilgan.





Prezident dastlab Profi Deutsch nemis tilini o‘qitish va imtihon markazi faoliyati bilan tanishdi.
Loyiha doirasida Germaniyaning Telc imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor Samarqand shahrida ochilmoqda.
Markazda yoshlarga nemis tili o‘rgatiladi hamda xalqaro Telc sertifikati beriladi. Sertifikat egalari Germaniyada dual kasbiy taʼlimda o‘qishini davom ettirib, bandligi taʼminlanadi.
Joriy yilda bunday imtihon markazini O‘zbekistonning yana beshta hududida ochish rejalashtirilgan.
Davlat rahbariga Muhammad al-Xorazmiy vorislari loyihasi bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Loyiha doirasida 8−11-sinf o‘quvchilariga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar chuqur o‘rgatiladi. O‘quvni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga maxsus sertifikat beriladi.
Shuningdek, Aloqabank va O‘zmilliybank konsultativ markazining tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarga imtiyozli kredit ajratish, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlari, Yoshlar ishlari ishlari agentligining Ibrat farzandlari, Mutolaa, Qizlar akademiyasi loyihalari bilan tanishildi.
Davlat rahbari yoshlar bilan muloqot qildi, ularning loyihalari bilan tanishdi. Jumladan, Zamin xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan Eco-schools Uzbekistan loyihasida ishtirok etayotgan yosh ekofaollar 2026-yil uchun rejalari haqida so‘zlab berdi.
“Yangi O‘zbekistonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarni barpo etyapmiz, yuqori daromadli ish joylari ochilyapti. Biz buni sizlarga — bilimli yoshlarga ishonib qilyapmiz. Buning uchun har daqiqangiz kelajagingiz uchun xizmat qilsin, do‘stingiz kitob bo‘lsin. Biror bilimni chuqur egallash va to‘g‘ri yo‘lni topish uchun insonga diqqat, sabr-toqat, ishtiyoq kerak. Mana shu ishtiyoqingiz so‘nmasin. Sizlar berayotgan takliflar bizning islohotlarimiz g‘oyasiga mos, men har qanday taklif va tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman”, — dedi prezident.
Samarqand shahrida bunday zamonaviy ta‘lim va dam olish maskanlarini ko‘paytirish bo‘yicha mas‘ullarga topshiriq berildi.
Spot, avvalroq, Samarqandda 6,6 kmlik yagona sayyohlik yo‘nalishi ochilishi haqida yozgandi.




