Avvalroq prezident raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda viloyatdagi magistral yo‘llarning 34 kilometri Narpaydan o‘tgani savdo va servisni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyat ekani ta‘kidlandi. Lekin yo‘l bo‘ylarida 10−15 ta kichik servis shoxobchasidan boshqa odamlarni jalb qiladigan birorta joy yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Mirbozor chorrahasidan kuniga 60 ming transport o‘tadi. Lekin bu yerdagi yo‘l tor bo‘lgani uchun 2 kilometrgacha tirbandlik yuzaga kelmoqda.
Qurilish uchun xomashyo zaxiralarining to‘rtdan biri Narpayda joylashgan bo‘lsa-da, qurilish materiali bo‘yicha birorta yirik korxona yo‘qligi qayd etildi.
Tuman sanoatining viloyatdagi ulushi 2%. Hududidan 36 kilometr temir yo‘l o‘tgan, 21 gektarli kichik sanoat zonalari bo‘lgan tumanga bu ko‘rsatkichlar yarashmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Samarqanddagi suvli yerlarning qariyb 10%i ushbu tumanga to‘g‘ri keladi. Biroq Narpay viloyatdagi qishloq xo‘jaligining 5% ini ham bermaydi.
Tuman mutasaddilariga shu va boshqa muammoli masalalarni hal qilish yo‘llari ko‘rsatib berildi.
Narpay tumanida 100 gektarda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil qilinishi e‘lon qilindi. U yerda joriy yilning o‘zida $500 mlnlik loyihalar boshlanadi.
Mutasaddilarga sun‘iy intellekt yordamida har bir mahalla imkoniyatini “diagnostika” qilish, “o‘sish nuqtalari"ni aniqlab, tumanni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, daromadni ko‘paytirish bo‘yicha Narpay tajribasini yaratish topshirildi.
Shuningdek, Narpay qulupnaychilik maktabi tashkil etilib, tumandagi 25 ta mahalla qulupnaychilikka ixtisoslashtiriladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Samarqandda qiymati $7 mlrdlik 106 ta yangi loyihaga start bergandi.