Prezidentning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat (PQ-96-son) Lex.uz portalida eʼlon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2% ga, sanoat ishlab chiqarish hajmi esa 8,6% ga yetkaziladi.

Shuningdek, bozor xizmatlari hajmi 15,9%, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 5,8% va qurilish 13,2% ga o‘sishi taʼminlanadi.

Ishsizlik darajasi 3,2% ga, kambag‘allik darajasi 3% ga pasaytiriladi. Shu orqali Qarshi, Shahrisabz shaharlari va Kitob tumaniga qo‘shimcha G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlarini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantiriladi.

Hududlar o‘rtasida transport bog‘liqligini taʼminlash orqali xorijiy va mahalliy turistlar soni 3,2 mln nafarga yetkaziladi.

Hujjat bilan, Muborak tumani Konchilar mahallasi hududidagi 200 gektar yerda Muborak innovatsion sanoat zonasi maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

Chiroqchi tumanida Sohil bo‘yi majmuasini rivojlantirish va boshqarish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar viloyat hokimligi huzuridagi turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentiga yuklanadi.

Shahrisabz tumanida Quva agrostar, Qamashi tumanida Yangiyo‘l agrostar, Ko‘kdala tumanida Mirzacho‘l agrostar, G‘uzor tumanida Navoiy agrostar korxonalarining loyiha ofislari tashkil qilinadi.

Viloyatda 15 ming gektar, shundan 2026-yilda o‘zlashtiriladigan 5,2 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtiriladi.

Joriy yil davomida maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 80% dan past bo‘lgan 12 ta tumanda 350 ta nodavlat oilaviy bog‘cha tashkil etiladi. 120 ta bog‘cha 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etish uchun zarur jihozlar bilan taʼminlanadi.

Germaniya bilan hamkorlikda 2026-yildan yoshlarni nemis tili va kasbga o‘qitish orqali Yevropaga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga yuborish dasturi amalga oshiriladi.

Spot, avvalroq, 2026-yilda 3000 nafar qashqadaryolik yoshlar Germaniyaga ishga yuborilishi haqida yozgandi.